The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Buxoroda “Otaboy Eshonov o‘qishlari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘ldi

 

24-noyabr kuni Buxoro davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: zamonaviy konstitutsiyashunoslik, inson huquqlari va milliy davlatchilik taraqqiyoti” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 34 yilligi hamda taniqli huquqshunos olim, akademik Otaboy Eshonov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlandi.

Ilmiy anjuman Buxoro davlat universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada asosiy e’tibor yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan o‘rganish, zamonaviy konstitutsiyashunoslikning dolzarb masalalarini tahlil qilish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalariga qaratildi. Shuningdek, milliy davlatchilik taraqqiyoti va o‘zbek huquqshunoslik maktabining boy ilmiy merosini chuqur tadqiq etish alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Anjumanni Buxoro davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Kamoliddin Samiyev ochar ekan, ayni konferensiyaning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ilmiy hayotida muhim o‘rin tutadigan ikki tarixiy sanaga bag‘ishlanganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, mazkur tadbirning ilmiy, ma’rifiy va ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritib, konferensiyani tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.

Konferensiyada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov so‘zga chiqib, Buxoroning mamlakatimiz ilm-fani, madaniyati va milliy davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni, buxorolik olim va mutafakkirlarning boy ilmiy-ma’naviy merosi haqida atroflicha so‘zladi. Taniqli huquqshunos ushbu qadimiy zaminning ilm-fan va ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasi, Buxoro ziyolilarining milliy davlatchilik va huquqiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rniga alohida e’tibor qaratdi.

Akademik Otaboy Eshonov singari yetuk huquqshunos olimlarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, ularning ilmiy an’analarini davom ettirish va kelajak avlodga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Bu borada ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish hamda huquqshunoslik sohasida ilmiy maktablar faoliyatini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Akademik A. Saidov “Otaboy Eshonov o‘qishlari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur tashabbus atoqli huquqshunos olimning ilmiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib etish, soha olimlari o‘rtasida ilmiy muloqotni rivojlantirish hamda yosh avlodning huquqiy bilim va tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlash joizki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. O‘zbekistonning huquqiy, ijtimoiy, demokratik va dunyoviy davlat sifatida belgilanishi mamlakatimiz taraqqiyotining konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamladi.

Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi, davlat organlari faoliyatining inson manfaatlariga xizmat qilishi, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan normalarning mustahkamlanishi zamonaviy konstitutsiyashunoslik oldiga yangi ilmiy va amaliy vazifalarni qo‘ymoqda. Bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, konstitutsiyaviy qadriyatlarni jamiyat hayotiga keng tatbiq etish borasida ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Shu ma’noda, “Otaboy Eshonov o‘qishlari” ilmiy anjumanining an’anaviy tarzda o‘tkazilishi kelgusida milliy huquqshunoslik maktabining boy ilmiy merosini asrab-avaylash, konstitutsiyaviy huquq va inson huquqlari sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, olimlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash uchun samarali ilmiy muloqot maydoniga aylanishi mumkin.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Bafayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov ham so‘zga chiqdilar.

Anjuman yakunida ishtirokchilar e’tirof etganlaridek, mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotidagi beqiyos ahamiyatini keng targ‘ib etish, inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, milliy davlatchilik an’analarini chuqur o‘rganish hamda o‘zbek huquqshunoslik ilmining boy merosini kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan muhim ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘ldi.


×