2026-yil 24-aprelda Toshkent davlat yuridik universitetida 26-aprel – xalqaro intellektual mulk kuniga bag‘ishlab “Raqamlashtirish sharoitida intellektual mulk huquqining rivojlanish tendensiyalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishini Adliya vaziri o‘rinbosari M.D.Allakuliev, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.b. A.Norov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Sh.A.Ayupov nomidan – Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unovlar kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Darhaqiqat, mamlakatimizda intellektual mulk sohasini rivojlantirish, muallif va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Intellektual mulkni rag‘batlantirishga doir normalar takomillashib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanib, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi va davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Sohaga doir qator xalqaro shartnoma va konvensiyalarga qo‘shildik. Milliy huquqiy makonda – Fuqarolik kodeksi, talay qonunlar – “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”, “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”, “Firma nomlari to‘g‘risida”, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunlari, “2022 – 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi”, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – amalda.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda sohaning huquqiy ta’minoti – moddiy huquq normalari yaratildi. Huquqlar buzilganda, manfaatlar to‘qnashganda protsessual-huquqiy mexanizmlar ishlab chiqildi. Huquqni qo‘llash amaliyoti, shu jumladan, sud amaliyoti shakllanmoqda. intellektual mulk ob’ektlari muhofazasini ta’minlash bilan birga, ularni samarali himoya qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va amalga oshirish hamda bu yo‘nalishdagi amaliyotni takomillashtirish davr talabidir.
Anjumanda ushbu masalalar xususidagi fikr-mulohazalar tilga olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Fanlar akademiyasi tizimi tashkilotlari, Davlat va huquq instituti xodimlari, tadqiqotchilar ishtirok etgan anjuman yakunida kelgusidagi tizimli ishlar haqida kelishib olindi.






