Joriy yil 28-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “O‘rta asrlar davlati va huquqini o‘rganishga zamonaviy yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir mamlakatimizda tarixiy-huquqiy tadqiqotlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, davlat va huquq tarixini o‘rganish jarayonida fanlararo integratsiyani kuchaytirish hamda ilmiy metodologiyaning zamonaviy tendensiyalar bilan uyg‘unlashtirilishi nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Konferensiya ishida qator nufuzli ilmiy va oliy ta’lim muassasalarining vakillari ishtirok etdilar. Jumladan, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Samarqand, Termiz va Namangan davlat universitetlarining yuridik fakultetlari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlarning yetakchi olimlari va sohaviy mutaxassislari ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi — O‘rta asrlar davlati va huquqiga oid manbalarni ilmiy asosda chuqur o‘rganish tarixiy-huquqiy tadqiqotlarda zamonaviy metodologik yondashuvlarni joriy etish, shu yo‘nalishdagi fanlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda soha rivojiga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya doirasida qator ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Jumladan, “Turon sivilizatsiyasidan Yangi O‘zbekistongacha davrni o‘rganishda tarixiy yondashuvning ahamiyati”, “O‘rta asr davlatchiligi va huquqini o‘rganishning metodologiyasi”, “O‘rta asrlar huquqini o‘rganishning dolzarb masalalari”, “Amir Temur davlatchiligini o‘rganishning ayrim masalalari”, “Turk hoqonligi davlatini o‘rganishning metodologiyasi”, “Somoniylar davri davlatchiligini o‘rganishning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Mo‘g‘ullar bosqini davrida O‘zbekiston hududida davlat va huquq taraqqiyotidagi o‘zgarishlar”, shuningdek, “Shayboniylar davlatchiligini o‘rganishning ayrim masalalari” kabi mavzularda ilmiy fikrlar bayon etildi.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston hududida o‘rta asrlar davlati va huquqi rivojiga oid qator nazariy xulosalar ilgari surildi, mavjud metodologik yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim takliflar bildirildi. Ishtirokchilar ushbu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, tarixiy manbalar asosida qiyosiy-huquqiy tahlillarni kengaytirish, shuningdek, davlatchilik va huquq tarixi bo‘yicha yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar.













