The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Xorazm viloyati: “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”

 

13-14-aprel kunlari Xiva shahrida shu mavzuda o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 65 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Tadbirda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochar ekan, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Akmal Saidov qayd etganidek, har bir shaxsning huquq va erkinliklari Konstitutsiyada mustahkamlangan bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifadir.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qo‘shilgani va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida qayd etildi. Ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilayotgani, jazoni ijro etish muassasalarida esa jamoatchilik va ombudsman monitoringlari kengaytirilgani ta’kidlandi.

O‘quv kursining birinchi kunida ishtirokchilar qator ma’ruzalarni tingladi. Xususan, qamoqxona islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, MDH hududiy (IPPF) Xalqaro penitensiar jamg‘arma vakili Azamat Shambilov “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi.

Shuningdek, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Xalqaro huquq va inson huquqlarini himoya qilish kafedrasi o‘qituvchisi Shohruh Xalilov qiynoq bilan bog‘liq qilmishlarning oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi haqida ma’ruza qildi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kiberhuquq kafedrasi professori, professor Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar mavzularida so‘z yuritdi.

Birinchi kun doirasida amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda turli keyslar ustida ishladilar va qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

Kursning ikkinchi kuni qizg‘in ma’ruzalar bilan davom etdi. Dastlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalari”ning mazmun-mohiyati haqida ma’ruza qildi.

O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, kapitan Jasur Xamrayev ushlab turish va qamoqqa olish jarayonlariga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari hamda qiynoq jinoyati uchun javobgarlik masalalari yuzasidan chiqish qildi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Kiberhuquq kafedrasi professori, professor Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi xususida ma’ruza qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi Sardarbek Toganov qiynoqqa oid ishlar yuzasidan sud amaliyoti to‘g‘risida fikr bildirdi.

Mashg‘ulotlar davomida nazariy bilimlar amaliy saboqlar bilan uyg‘unlashtirildi. O‘quv kursi yakunida tinglovchilar bilimlarini baholash maqsadida test sinovidan o‘tdi. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Inson huquqlari sohasidagi bunday malaka oshirish tadbirlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qiynoq va inson qadrini kamsituvchi har qanday muomalaga barham berish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 


×