2025-yil 21-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Markaziy Osiyo. Nogironligi bo‘lgan shaxslar: yangi chaqiriqlar va istiqbollar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya (onlayn va offlayn) o‘tkazildi.
Anjuman Jahon bankining “MUNIS” loyihasi (PRIM 01-85 Public Research Institutes Modernization) – “Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzurida Nogironlik huquqlarini tadqiq etish va targ‘ibot markazini tashkil etish” nomli xalqaro grant loyihasi doirasida tashkil etildi.
Konferensiyada Davlat va huquq instituti, TDYuU, ChDPU, TDAU, BuxDU, NamDU, FarDU, SamDU, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Lund universiteti (Shvesiya), Sirakuz universiteti (AQSH), Trnava Universiteti (Slovakiya), Regensburg universiteti (Germaniya), Malayziya milliy universiteti ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari – Tojikiston davlat tijorat universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, I.Jansunurov nomidagi Jetisu universiteti, “ITeachMe” jamoat fondi, “New Age” jamoat fondi (Qirg‘iziston), “Tebigy Quvvat” jamoat birlashmasi (Turkmaniston), Ozarboyjon Huquq va inson huquqlari instituti, fuqarolik jamiyati institutlari – O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, “SharoitPlus” nogironlar jamoat birlashmasi, mahalliy va xorijiy yosh olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Anjuman globallashuv va integrasiyalashuv jarayonlari kuchayib borayotgan sharoitda nogironligi bor shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlariga doir yangicha hamda kreativ yondashuv, tendensiya, yo‘nalishlar va markaz faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi. 2023-yil 30- aprelda o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ijtimoiy davlat qiyofasini ochib berdi. Shu ma’noda ijtimoiy paketlar: har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, mehnat qilish, sog‘liqni saqlash, shu jumladan, tug‘ruq, ta’lim, inklyuziv ta’lim va tarbiya, vijdon erkinligi, malakali yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda teng huquqlarni kafolatli ta’minlash maqsadida akademik ilm-fan o‘z so‘zini aytmog‘i darkor. Mazkur anjuman mamlakat Konstitutsiyasi, “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” (66-maqsad), “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi”da ilgari surilgan asosiy g‘oya, maqsad (23, 28-maqsadlar) va vazifalar asosida o‘tkazildi.
Xususan:
Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash uchun yaratilgan o‘quv dasturi muhokamasi; xodimlar uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi bo‘yicha sertifikatlashtirish kurslarini tashkil etish, Nogironlik huquqlarini tadqiq etish va targ‘ibot markazining uzoq muddatli strategik rejasini muhokama qilish; inklyuziv tadqiqot amaliyotlari, Markaziy Osiyoda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqi va siyosati bo‘yicha yaratilgan open-access (bepul) jurnal taqdimoti; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish masalalariga urg‘u berildi.
Anjuman doirasida sohadagi bilimlarni almashish va tarqatish, kun mavzusida bahs-munozaralar yuritishga urg‘u berildi.
Muhokama mavzusi doirasida tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xulosa. Konferensiya nafaqat ilmiy-amaliy muloqot platformasi, balki nogironligi bor shaxslarga doir yangi g‘oyalar, innovatsion yondashuvlar, xalqaro tajriba va integratsiyalashuv mexanizmlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Undan chiqarilgan xulosalar mamlakatimizda demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy dasturilamal sifatida xizmat qilishi mumkin.






