The site is running testing mode

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tadqiq etish va himoya qilish markazini yaratish

 

Malumki, “MUNIS” loyihasi (PRIM – Public Research Institutes Modernization) doirasida “Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzurida Nogironlik huquqlarini tadqiq etish va targ‘ibot markazini tashkil etish” (“Establishment of the Center for Disability Righs Research and Advocacy at the Institute of State and Law of the Academy of Sciences in collaboration with Tashkent State University of Law”) nomli xalqaro grant loyihasi amalga oshirilmoqda.

6-oktabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tadqiq etish va himoya qilish markazini yaratish” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Trening O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida amalga oshirildi.   

Dunyoda bir milliarddan ortiq odam, yaʼni yer yuzi aholisining taxminan 15 foizi, nogironlikning biror turiga ega. 2025-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 031 609 nafarni yoki O‘zbekiston aholisining 2,7 foizini tashkil etadi. Shu ma’noda seminar-trening  maqsadi – Markazning strategik ustuvor yo‘nalishlarini xabardor qilish uchun turli istiqbollarni jamlash; manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va Markazning missiyasini shakllantirish; O‘zbekistonda nogironlik huquqlari bo‘yicha tadqiqot va targ'ibotni rivojlantirishdagi asosiy muammolar va istiqbollarni aniqlashga qaratildi.

Qayd etilganidek, nogironligi bor bolalar sog‘lom bolalarga nisbatan maktabga kamroq qatnaydi. Nogiron va sog‘lom bolalar oʼrtasidagi boshlang‘ich maktabga borish darajasidagi farq Hindistonda 10 foizni, Indoneziyada esa 60 foizni tashkil etadi. Koʼplab past va oʼrta daromadli mamlakatlarda yordamchi qurilmalar yoki texnologiyalarga muhtoj boʼlgan odamlarning atigi 5-15 foizigina ularga ega boʼladi. Kam daromadli mamlakatlarda nogironligi bor ayollarning faqat 20 foizi ish bilan taʼminlangan, nogironligi bor erkaklarda esa bu koʼrsatkich 58 foizni tashkil etadi. Nogironligi bor shaxslar zoʼravonlikka koʼproq duchor boʼladi: ularga nisbatan zoʼravonlik darajasi nogironligi boʼlmagan shaxslarga qaraganda 4-10 baravar yuqori. Muammolar – aniq. Demak, amaliy isharni kuchaytirish lozim.

Seminar-treningda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, TDYU vakillari – professor-o‘qituvchilar, O‘zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, Kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “Sharoit Plus” nodavlat notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdilar. Seminar-trening davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar, davlat organlari vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining keng va inklyuziv ishtirokini ta'minlashga e’tibor qaratildi, O‘zbekistonda nogironlik huquqlari bo‘yicha tadqiqot va targ'ibotni rivojlantirishdagi asosiy muammolarni, kamchiliklarni va istiqbollarni aniqlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Seminar-trening davomida xorijiy mamalakatlar tajribasi o‘rganildi, O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashdagi to‘siqlar, muammolar, bu boradagi mamlakatimiz xalqaro normalar bo‘yicha amalga oshirishi lozim bo‘lgan majburiyatlar muhokama qilindi. Yakunda loyiha yuzasidan ijrochilarga amaliy taklif-tavsiyalar bildirildi.


×