The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi: davlatchilik va huquqiy tizim evolyutsiyasi

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga

2026-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi: davlatchilik va huquqiy tizim evolyutsiyasi. Huquqshunoslik fanlarining rivoji va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.


 

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiya davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda milliy davlatchilik va huquqiy tizimning shakllanishi, bosqichma-bosqich rivojlanishi hamda zamonaviy talablar asosida takomillashtirilishi jarayonlarini ilmiy jihatdan tahlil qilishga bag‘ishlandi.

Konferensiya maqsadi – mustaqillik yillarida huquqshunoslik fani sohasida erishilgan natijalarni umumlashtirish, davlat va huquq sohasidagi dolzarb nazariy hamda amaliy masalalarni muhokama qilish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan islohotlarning ahamiyatini ilmiy nuqtai nazardan baholashdan iborat.

Darhaqiqat, bugungi kunda huquqshunoslik fanlari oldida milliy davlatchilik va huquqiy tizim taraqqiyotining tarixiy qonuniyatlarini chuqur o‘rganish, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy va sud-huquq islohotlarini ilmiy jihatdan ta’minlash, zamonaviy ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish kabi muhim vazifalar turibdi.

Adolatli qonunlar, mustaqil sud hokimiyati, yuksak huquqiy madaniyat va zamonaviy yuridik ilm-fan taraqqiyoti huquqiy davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omillar hisoblanadi. Shu bois huquqshunos olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni davlat va jamiyat hayotiga tatbiq etish Yangi O‘zbekiston huquqiy taraqqiyotining muhim shartidir.
Konferensiyada akademik hamjamiyat – professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalar; amaliyotchilar – huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud va adliya tizimi xodimlari; nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, ja’mi 20 ta hamkor tashkilotdan 120 nafar offlayn, 500 nafar onlayn ishtirokchi hozir bo‘ldi. 

Konferensiya turli ilmiy maktablar vakillari, amaliyotchi mutaxassislar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashish, mavjud muammolarni ilmiy jihatdan tahlil qilish hamda ularning yechimiga qaratilgan asoslangan takliflarni ishlab chiqish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.


 

Konferensiyada akademik A. Saidov “Mustaqillik va huquqshunoslik fani: natijalar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qildi.

Anjuman ishida Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., professor M. Turg‘unov moderatorlik qildi.

Konferensiyada “Mustaqillik yillarida davlat va huquq sohasida amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlar va yechimini kutayotgan muammolar” (y.f.d., prof. J.Toshqulov), “Mustakillik yillarida konstitutsiyaviy odil sudlov: shakllanishi, rivojlanishi takomillashtirishning dolzarb masalalari” (A.B.G‘ofurov), “Mustaqillik yillarida davlat-huquqiy fanlari rivoji va dolzarb muammolari” (F.A.Muxitdinova), Yangi O‘zbekistonda huquqshunoslik fani va ta’limi rivojlanishiga turtki beruvchi omillar” (K.V.Djavakova), “Mustaqillik yillarida jinoiy-huquqiy fanlar sohasida erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan muammolar” (Q.R.Abdurasulova), “Mustaqillik yillarida fuqarolik-huquqiy fanlari rivoji va dolzarb muammolari” (M.X.Baratov), “Inson huquqlarini o‘rganishning dolzarb muammolari” (O‘.S.Ochilov) mavzularida chiqishlar qilindi.

Muzokaralarda akademik hamjamiyat vakillari, yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari H.B.Boboyev, O.T.Xusanov, M.M.Mamasiddiqov, J.T.Xolmo‘minov, X.R.Isanov, F.H.Otaxonovlar ishtirok etdi.
Anjumanda mustaqillik davrida davlat va huquq nazariyasi, davlatchilik tarixi va boshqa davlat-huquqiy fanlarning rivojlanishi, amalga oshirilgan fundamental ilmiy izlanishlar, kelgusidagi muammolar tahlil qilindi; konstitutsiyaviy odil sudlovning rivojlanish bosqichlari va sohaning ustuvor vazifalari xususida so‘z yuritildi; Yangi O‘zbekiston sharoitida yuridik ilm-fan va ta’lim tizimi, huquqshunos kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalari yoritildi; korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan tadqiqotlar, jinoyat qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan yondashuvlar va mavjud muammolar ko‘rib chiqildi; bozor munosabatlari sharoitida fuqarolik huquqi fanining taraqqiyoti, xususiy-huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shartnomaviy va mulkiy munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar tahlil etildi; inson huquqlari sohasidagi zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari, huquqiy ta’limda inson huquqlari masalalarini chuqur o‘rganish zaruratiga e’tibor qaratildi.

Konferensiya quyidagi vazifalarni amalga oshirishga xizmat qildi:

  • mustaqillik yillarida milliy davlatchilik va huquqiy tizim taraqqiyotini ilmiy jihatdan baholash;
  • huquqshunoslik fanining turli yo‘nalishlarida erishilgan natijalarni umumlashtirish;
  • ilmiy yechimini kutayotgan huquqiy muammolarni aniqlash;
  • huquqiy islohotlarni ilmiy ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • ilmiy tadqiqotlar natijalarini qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etish;
  • yosh tadqiqotchilarning ilmiy faolligini qo‘llab-quvvatlash;
  • huquqshunos olimlar va amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;
  • milliy va xalqaro ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish.

Tadbir yakunlari bo‘yicha milliy davlatchilik va huquqiy tizimni yanada takomillashtirish, yuridik fan va ta’lim sifatini oshirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga doir tegishli taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi va yuqori turuvchi tashkilotlarga jo‘natildi.


×