2024-yil 17-dekabrda Davlat byudjetidan moliyalashtirilayotgan ilmiy-tadqiqot dasturlarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining hisobot takdimotlarini o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Kengash raisi O‘zFA vitse-prezidenti, professor B.A.Abduhalimov va FAning ijtimoiy-gumanitar kopmleksi institutlari rahbarlari ishtirokida O‘zFA Davlat va huquq institutining davlat byudjetidan moliyalashtirilayotgan ilmiy-tadqiqot dasturlari bo‘yicha 2024-yil uchun hisoboti eshitildi va muhokama qilindi.
Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., k.i.x. M.Turg‘unov o‘z nutqida institut tarkibidagi 3 ta ilmiy bo‘limining 3 ta katta ilmiy mavzu bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari maqsad, vazifa va natijalari haqida so‘z yuritdi. Xususan, u o‘z nutqida institut ilmiy jamoasi 2024-yilda 118 ta ilmiy nashrni amalga oshirganligi, shundan 57 ta maqola (21 ta xorijiy), 40 ta ma’ruza va tezis (15 ta xalqaro), 12 ta monografiya, 1 ta ilmiy to‘plam, 1 ta lug‘at, 4 ta darslik, 3 ta o‘quv qo‘llanma chop etilganini ta’kidladi.
Hisobot yilida Davlat va huquq instituti ilmiy jamoasi 80 dan ortiq respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlarda ishtirok etilgani, Institut tashabbusi bilan 20 dan ortiq ilmiy, ilmiy-amaliy konferensiya va davra suhbatlari tashkil etilgani, onlayn va offlayn shaklda o‘tkazilgan ilmiy tadbirlarda institut xodimlari tomonidan davlat dasturlari hamda huquq fanining dolzarb mavzularida ma’ruzalar qilingani, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan 8 ta anjuman, davra suhbati va uchrashuvlar o‘tkazilgani alohida qayd etildi.
M.Turg‘unov institut ilmiy jamoasi respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalarida umumiy hisobda 108 marotaba chiqishlar qilganligini ta’kidlab, gazetalarda – 7 marta, televidenieda – 59 marta, radio va internet portallarida – 42 marta dolzarb ijtimoiy-siyosiy mavzularda maqolalar chop etilani va intervyular berilganiga to‘xtaldi.
Institutda akademik A.Saidov boshchiligida mamlakatning 93 nafar yetakchi huquqshunos olimlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat olib bormoqda.
Institut milliy va xalqaro hamkorlik doirasida, memorandum, shartnoma va kelishuvlar asosida 15 ta nufuzli xorijiy va respublika turdosh ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan ilmiy-tadqiqot, o‘quv, o‘quv-uslubiy sohalarda faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Institut xodimlari respublikaning nufuzli davlat tashkilotlari huzuridagi 15 ta ekspert, tahririyat va turli ijodiy kengashlarda, shuningdek 11 ta ixtisoslashgan kengashlarda a’zodirlar.
Hisobot yilida Davlat va huquq instituti ilmiy jamoasi tomonidan qonun loyihalari, mamlakat Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari yuzasidan 37 ta, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamkorlik yo‘nalishiga doir 19 takliflar berildi.
Muhokamalar yakunida 2024-yilda Davlat va huquq instituti tomonidan amalga oshirilgan ishlar ijobiy bahoga sazovor bo‘lib, 2025-yilda yanada mas’uliyat bilan ishlash niyati bildirildi.