Joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yililiga bag‘ishlab, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan “Akademik Hoji-Akbar Rahmonqulov o‘qishlari” mavzusida respublika ilmiy konferensiyasi tashkil etildi.
Offlayn va onlayn shaklda o‘tkazilgan konferensiyada jami 500 dan ziyod ishtirokchilar, xususan, akademik Akmal Saidov, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori Mir-Akbar Rahmonqulov, Konstitutsiyaviy sud a’zolari, Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Sudyalar oliy maktabi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Namangan, Farg‘ona, Termiz, Chirchiq, Andijon davlat universitetlari professor-o‘qituvchilari, shuningdek akademik Hoji-Akbar Rahmonqulovning shogirdlari, hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyani akademik Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. A.Saidov O‘zbekistonda yuridik fanning muhim tarmoqlari: fuqarolik huquqi, oila huquqi, tadbirkorlik huquqi, xalqaro xususiy huquq (Rim huquqi)ning rivojlanishida H.Rahmonqulovning o‘rni beqiyos ekanligi, bu yo‘nalishda olimning yaratib ketgan ilmiy maktabi va boy ilmiy merosi huquqshunoslik fanini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etib o‘tdi.
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori yuridik fanlar doktori, professor Mir-Akbar Rahmonqulov o‘z kirish nutqida H.Rahmonqulovning ulkan ilmiy merosini tadqiq etish va tahlil qilish mamlakatimizda yuridik fanning hali ochilmagan yangi jihatlarini kashf etishda muhim dasturulamal bo‘lishini ta’qidladi.
Davlat va huquq instituti direktori yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov ham ushbu konferensiya yurtimizdagi barcha huquqshunoslarning ustozi bo‘lmish H.Rahmonqulovning hayoti va ijodiy faoliyatiga nisbatan hurmat ramzi sifatida tashkil etilganligi, yurtimizda inson huquqlari, xususan, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish borasida H.Rahmonqulovning ilmiy ijodi muhim doktrinal asos bo‘lib xizmat qilayotganligini e’tirof etdi.
Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Omonboy Oqyulov ustoz H.Rahmonqulovning hayoti va faoliyati har jihatdan o‘rnakligi, ustoz har birimiz, ayniqsa, yoshlar uchun ilmda, mehnatda, izlanishda, kamtarlik bobida yuksak o‘rnak ekanligi haqida hayotiy misollar bilan ma’ruza qildi.
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari, professor Vosid Ergashev ustoz H.Rahmonqulov eng nufuzli o‘zbek sivilist olimi ekanligi, ustozning fuqarolik huquqini o‘rganish, o‘qitish, fuqarolik huquqining muhim institutlarini tadqiq etish va tahlil qilish, O‘zbekiston Respublikasining ikki qismli Fuqarolik kodeksini tayyorlash va qabul qilish borasidagi xizmatlari juda katta ekanligi haqida amaliy misollar keltirdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti professori Shuhrat Ro‘zinazarov H.Rahmonqulovning tadbirkorlik huquqi fanini rivojlantirishdagi o‘rni va roli haqida ma’ruza qilib, bugungi kundagi biznes huquqining ilmiy poydevorini qo‘yishda ustozning sa’y-harakatlariga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Komil Rashidov H.Rahmonqulov xalqaro xususiy huquq fanini rivojlantirishda ham ulkan hissa qo‘shganligi, bu borada ustozning qoldirgan ilmiy adabiyotlari, qo‘llanmalari, ilmiy risolalari va maqolalari vaqtlar osha o‘z dolzarbligini saqlab qolishi haqida ma’lumotlar berdi.
Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Mirodil Baratov oila huquqi va oila qonunchiligini rivojlantirishdagi roli haqida to‘xtalib, Oila kodeksi va oilaviy masalalarga doir amaldagi qonunchilik aynan H.Rahmonqulov boshchiligida ishlab chiqilganligi va amaliyotga tatbiq etilganligini yuksak darajada qadrlash lozimligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng konferensiyada Davlat va huquq instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yililiga bag‘ishlab tayyorlangan “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari” nomli qo‘llanma, “Yuridik atamalarning izohli lug‘ati”ning yangi nashri, “Xalqaro huquq” bibliografiyasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida H.Rahmonqulovning hamkasblari, shogirdlari va farzandlari ham ustozning hayoti va ijodi yuzasidan fikrlarni bildirishdi.
Davlat va huquq instituti
Matbuot xizmati