Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzudagi o‘quv kursi boshlandi. To‘rt kunlik mashg‘ulotlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya 45 yilligi, Qiynoqlarga qarshi Konvensiyasi 40 yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi 35 yilligiga bag‘ishlangan.

Ushbu muhim tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi asosida o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdir.

Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning videomurojaati bilan boshlandi.

Mazkur tadbir mamlakatda inson huquqlarini targ‘ib qilish va mustahkamlash vositasi, shuningdek, sohada milliy ta’lim dasturini amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri ekani ta’kidlandi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining ustivorligi asosida aholining huquqiy va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy bilimlarini oshirish borasida fikr almashildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga to‘laqonli muvofiq holda to‘ldirilgani, unda inson huquqlari himoyasi yuksak darajada mustahkamlangani alohida qayd etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni chuqur anglash va amalda tatbiq etish, ularni barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etishda uyg‘unlashtirishning katta ahamiyatga ega ekanligi e’tirof etildi. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va migrantlarning sharoitlarini yaxshilash hamda huquqlarini himoya qilish masalalari ustuvor ahamiyat kasb etayotir.

O‘quv mashg‘ulotlarining birinchi kunida tinglovchilar Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop Tulyaganov va Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professori Govxerjan Yuldasheva ma’ruzalarini tingladi. Ma’ruzachilar inson huquqlarining muhim jihatlari va O‘zbekiston Respublikasining bu boradagi xalqaro majburiyatlari haqida atroflicha to‘xtaldi.

Bundan tashqari, mustaqil amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Bunda Milliy markaz mutaxassislari tomonidan Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformadagi o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

O‘quv dasturi tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislari hisoblanadi. Mashg‘ulotlarda 20 dan ortiq vazirlik va idoralar xodimlar qatnashmoqda.


×