Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

“Jahon savdo tashkiloti va O‘zbekiston qonunchiligi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

 

Davlat va huquq instituti hamda Bojxona instituti o‘rtasidagi “O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishuv”ga (2021-yil 15-noyabr) asosan 2024-yil 28-noyabr kuni Bojxona institida “Jahon savdo tashkiloti va O‘zbekiston qonunchiligi” mavzusida  respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyani kirish so‘zlari bilan Bojxona instituti boshlig‘i v.v.b., Turon fanlar akademiyasi akademigi, bojxona xizmati polkovnigi M.A.Xamraev hamda Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.T.Turg‘unov ochib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

Shuni aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2024 yil 3 iyundagi PF–85-son Farmoniga asosan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, shu jumladan milliy iqtisodiyotning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zoligiga erishishni jadallashtirish vazifalarini qanday omilkor yechish masalasi bo‘yicha fikr almashildi.

Anjumanda moderatorlik qilgan yu.f.d., prof. M.X.Baratov kun mavzusining istiqbollari dolzarb ekaniga urg‘u berar ekan, anjuman ishida Jahon savdo tashkilotining maqsad va vazifalari, funksiyalari, afzalliklari, xatarlar, jahon savdosidagi parchalanish tahdidlari va O‘zbekiston Respublikasining jahon savdo jarayonlariga qo‘shilishi, O‘zbekiston qonunlarini TRIPS bitimi bilan uyg‘unlashtirish, JSTga avval a’zo bo‘lgan mamlakatlarning xalqaro tajribasi, investitsiyaviy nizolar va ularni JST tomonidan ko‘rib chiqish masalalariga e’tibor muhimligini ta’kidladi. Bu borada Davlat va huquq institutida joriy yil “Jahon savdo tashkiloti hujjatlarini O‘zbekiston qonunchiligiga implementasiya qilish istiqbollari” nomli ilmiy-tadqiqot amalga oshirilgani, uning dastlabki natijalarini bayon qildi.

Darhaqiqat, jahon savdo jarayonlarining 98 foizini boshqarayotgan yirik hamjamiyat – Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish vaqt o‘tishi bilan, yaqin orada O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu haqda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2023-yil 19-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi. Konferensiya ishida ta’kidlanganidek, global tahdidlarga qaramasdan, mamlakat iqtisodiyoti “izchil islohotlar” tufayli “barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda”.

Anjumanda “Xalqaro savdo tashkilotining yuzasha kelish tarixi va asos soluvchi prinsiplari” mavzusida Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor R.T.Xakimov so‘z olib, retrospektiv jihatdan ushbu tashkilot tarixi va faoliyatidagi asos soluvchi prinsiplarga urg‘u berib, ushbu tashkilotning asosiy maqsadlarini yoritdi.

Adliya vazirligi Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish boshqarmasi bosh maslahatchisi Q.Q.Obidov “Milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish: nazariya va amaliyot” mavzusida Adliya vazirligida mazkur yo‘nalish bo‘yicha milliy qonunchilikni JST standartlariga keltirish va ushbu tashkilotning asosiy hujatlarini davlat tiliga o‘girish hamda TRIPS normalaridagi standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarda chiqish qildi. Xususan, subsidiyalar masalasi auditoriyada katta qiziqish uyg‘otdi.

Yirik sivilist olim, Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yu.f.d., prof. O.Oqyulov mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishda  erkin savdoga to‘la ravishda kirib ketishdan tashqari, avvalambor, O‘zbekistonning milliy manfaatlarini muhofaza qilish masalasiga urg‘u berib, bu borada shartnomani biznes olamida tuzish  uchun tegishli muzokaralarni olib borish va shu ko‘nikmalarni huquqni qo‘llovchilarga yetkazish masalasi bo‘yicha qimmatli taklif-mulohazalarini izhor qildi.

Sohaning bevosita vakili, Bojxona instituti Maxsus fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi,  b/x podpolkovnigi, yu.f.f.d. I.D.Toraxodjaeva bojxona xodimlarining xalqaro standartlarga asosan bojxonadan o‘tayotgan mahsulotlar va xizmatlarga nisbatan asoslangan talablar asosida ish yuritishga urg‘u berib, Xitoy Xalq Respublikasining JSTga a’zo  bo‘lishidan avval xalqaro savdo sohasi uchun 2000 huquqshunos mutaxassislarni tayyorlagandan so‘ng, shu harakatlarni boshlagani to‘g‘risida va huquqiy ekspertizalarni sifatli o‘tkazilishiga  e’tibor qaratdi.

San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish Palatasi raisi maslahatchisi, yu.f.d., prof. B.N.Toshev o‘z ma’ruzasida JST tizimida mualliflik huquqini tartibga solishda TRIPS Bitimi rejimlarini qo‘llash masalalariga e’tibor qaratib, kontrafakt mahsulot va madaniy qaroqchilikka xalqaro savdoda qat’iyan kurash olib borilishi, binobarin, mualliflik huquqini muhofaza qilishda va patent huquqi sohasida bilimdon mutaxassislarni tayyorlashni urg‘uladi. TRIPS qoidalarining ilmiy-amaliy jihatlari xususida bayonot berdi. Bern va Rim konvensiyalari talablarini O‘zbekistonda to‘la-to‘kis amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarga to‘xtaldi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Yuridik boshqarmasi bosh yuriskonsulti, yu.f.f.d. Sh.A.Axunov Jahon savdo tashkiloti tomonidan investitsiyaviy nizolarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida to‘xtalib, xalqaro nizolarni hal qilish bilan bog‘liq protsessual tartib-taomillar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Munozaralarda B.T.Akramxodjaev, M.A.Xamraev, R.T.Xakimov, O.Oqyulov, M.X.Baratovlar ishtirok etib, JSTga a’zo bo‘lish bu katta chaqiriq, katta mas’uliyat ekanini ta’kidlashdi. Xulosa sifatida O‘zbekiston Respublikasi bunday hollarda o‘zining milliy manfaatlarini tashqi savdoda muhofaza qilishga qodir bo‘lishi va bu borada xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganishi va sohada tegishli kadrlarni tayyorlash lozimligiga urg‘u berdilar.  

Zero, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi”ning “Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish” maqsadi (93-maqsad)dan kelib chiqib, uning samaradorlik ko‘rsatkichlarida: milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini Jahon savdo tashkilotining qoida, me’yor va bitimlariga moslashtirish; yiliga kamida 10 ta xorijiy davlat bilan bozorga kirish muzokaralarini yakunlash; Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar bilan bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni tizimli olib borish va a’zo bo‘lish jarayonini samarali yakuniga yetkazish vazifa qilib belgilangan.

Konferensiya ilmiy-amaliy tus oldi, munozaralarga boy bo‘ldi. Mamlakat Konstitutsiyasi, Fuqarolik kodeksi, Bojxona kodeksi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunlar, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi”ning ayrim normalari keng muhokamalar mavzusiga aylandi. Taklif-tavsiyalar bildirildi.

Yakunda bunday anjumanlarni tizimli ravishda o‘tkazilishi – g‘oyalar, tajribalar almashinuviga olib kelishi, pirovardida, norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga ijobiy ta’sir qilishi xususida xulosaga kelindi.


×