Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

“Konstitutsiya – demokratik taraqqiyotning huquqiy asosi: tarixiylik va uzviylik” mavzusidagi respublika davra suhbati bo‘lib o‘tdi

 

Joriy yilning 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan “Konstitutsiya – demokratik taraqqiyotning huquqiy asosi: tarixiylik va uzviylik” mavzusidagi respublika davra suhbati tashkil etildi.

Offlayn va onlayn shaklda o‘tkazilgan konferensiyada jami 50 dan ziyod ishtirokchilar, xususan, Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti professor-o‘qituvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyani Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Shirinov Temir Shirinovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. T.Shirinov O‘zbekistonda qabul qilingan yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning ishlab chiqilishi va qabul qilinishida tarixiylik va uzviylikning mujassamlanishi, O‘zbekiston Konstitutsiyasida mujassamlangan ilg‘or g‘oyalarning ilganri surilishi va mustahkamlanishida Prezident Shavkat Mirziyoevning tutgan o‘rnini aytib o‘tdi. Barcha yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan konstitutsiya kuni bilan tabriklab, davra suhbati ishiga omad tiladi.

Davlat va huquq instituti direktori yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov o‘z kirish nutqida O‘zbekistonda qabul qilingan konstitutsiyalar rivojlanishi, ularning O‘zbekiston davlatchiligi va huquqi tarixida tutgan o‘rni va ahamiyatini yoritib, Yangi Konstitutsiya jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy taraqqiyoti mahsuli ekanligi, uning qabul qilinishida butun O‘zbekiston xalqi ishtirok etgani, shu jumladan, Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqilishida faol ishtirok etgani, o‘nlab taklif va atvsiyalarni tayyorlanib Konstitutsiyaviy komisiyaga taqdim etilganini aytib o‘tdi. Mazkur takliflar Yangilangan Konstitutsiyada o‘zining mujassam ifodasini topganligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Nig‘monjon Azizov O‘zbekiston Konstitutsiyasida ijtimoiy davlat tushunchasi mustahkamlanganligi, bu tushuncha nisbatan yaqinda kirib kelganligiga qaramay, ijtimoiy gumanitar soha vakillari tomonidan chuqur va har tomonlama o‘rganilayotganligi, ijtimoiy davlat g‘oyalari O‘zbekiston mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab kirib kelganligi, “Mustaqillik Deklaratsiyasi”, “O‘zbekistonning davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun, O‘zbekistonning 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasidayoq ijtimoiy davlatga oid qoidalar ifodalanganligini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligini nishonlash munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabrigida, O‘zbekiston Konstitutsiyasini jamiyat taraqqiyotiga monand holda rivojlantirish, uning zamon talablariga moslashtirish to‘g‘risidagi taklifni ilgari surganligini, mazkur qoidalar O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasida mujassam ifodalanganligini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublkiasi  Jamoat Xavfsizligi universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Haydarov Alisher Usmon o‘g‘li mamlakat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tutgan o‘rni va ahamiyatini yoritib, Konstitutsiya javmiyat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashning siyosiy-huquqiy poydevori ekanligini, shu asosda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda konstitutsiya qoidalari aniqlashtirilganligi va aniq mexanizmlari ishlab chiqilganligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi muzey direktori Abdimo‘minov Oybek Bektemirovich O‘zbekiston davlatchiligi tarixida qabul qilingan konstitutsiyalar, ularning mazmuni-mohiyati, tuzilishi, O‘zbekistonning 1992 yilgi Konstitutsiyasini qabul qilinishi tarixi, unda ishtirok etgan Islom Karimovning faoliyati, Islom Karimovning birinchi Konstitutsiya qoidalarini tahrirlashda bildirgan fikrlarini tarixiy misollar bilan yoritib o‘tdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi, falsafa fanlari nomzodi Nazarov Ravshan Rinatovich Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida fikr bildirib, Konstitutsiya Muqaddimasidan boshlab boshqa bo‘lim va boblarga kiritilgan tuzatishlar, qo‘shimcha, o‘zgartishlar, yangi kirtilgan normalar va ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Toshpo‘latov Shohjahon Yangilangan Konstitutsiya faol fuqarolik jamiyatining negizi sifatida dinlararo bag‘rikenglikning ta’minlanishi masalasini yoritib o‘tdi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston ko‘p konfessiyali davlat sifatida jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga erishilganligi, unda ko‘plab din vakillari istiqomat qilishi, shu bilan birga ular orasida diniy bag‘rikenglik qaror topganligi, bunda O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustahkam huquqiy asos sifatida amal qilib kelayotganligini ta’kidladi.

Davra suhbati doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston Konstitutsiyasining demokratik taraqqiyotning huquqiy asosi ekanligi, uning xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillariga mos ekanligi, O‘zbekiston xalqlarining ko‘p ming yillik qadriyatlariga monand ishlab chiqilganligi, inson huquqlari va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi ekanligi to‘g‘risida fikrlarni bildirishdi.

 

O‘ZFA Davlat va huquq instituti

Matbuot xizmati


×