O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti faoliyatini 2024-yil may-iyul oylarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan media-reja doirasida Davlat va huquq instituti hamda Toshkent viloyati yuridik texnikumi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT Toshkent viloyati bo‘linmasi hamkorligida “Asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi”ning ustuvor vazifalari” mavzusidagi navbatdagi davra suhbati 2024-yil 15-may kuni Toshkent viloyati yuridik texnikumida bo‘lib o‘tdi.
Institut direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, yu.f.d., prof. A.Tulyaganov “Yoshlar huquqlari: xalqaro standartlar va xorijiy tajriba (“O‘zbekiston-2030 strategiyasi” asosida)” mavzusidagi ma’ruzasida asosiy e’tiborni yoshlar huquqlarining BMT rivojlanish maqsadlari doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning huquqiy negizlariga qaratdi. Xususan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, gender tengligi kabi masalalar yuzasidan qiziqarli ma’lumotlarni taqdim qildi.
Institut bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. M.X.Baratov o‘z chiqishida yoshlar huquqlarining mamlakatning yangilangan Asosiy qonuni – Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston-2030 strategiyasi”ning “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash”ga bag‘ishlangan 38-maqsadidan, “Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish”ga bag‘ishlangan 31-maqsadidan kelib chiqadigan vazifalarga to‘xtaldi. Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024 yil 21 fevraldagi PF–37-son Farmoni – mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning navbatdagi raundi bo‘ldi.
Davra suhbatida, shuningdek texnikum o‘quvchilariga viktorina shaklidagi savollar uyga vazifa qilib berildi.