Joriy yilning 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlab, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan “Mirinoy Mirzaaxmedovich Fayzievning hayoti, faoliyati va ilmiy merosi” mavzusida respublika ilmiy konferensiyasi tashkil etildi.
Offlayn va onlayn shaklda o‘tkazilgan konferensiyada jami 500 dan ziyod ishtirokchilar, xususan, akademik Akmal Saidov, Konstitutsiyaviy sud a’zolari, Davlat va huquq instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Sudyalar oliy maktabi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Namangan, Farg‘ona, Termiz, Chirchiq, Andijon davlat universitetlari professor-o‘qituvchilari, shuningdek professor Mirinoy Fayzievning shogirdlari, oila a’zolari, farzandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiyani akademik Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. A.Saidov O‘zbekistonda nazariy-huquqiy fanlarning, ayniqsa qiyosiy huquqshunoslik (komparativistika) tarmog‘ining rivojlanishida, federatsiya sharoitida qonunchilikni qiyosiy tadqiqotlarni joriy etilishida M.Fayzievning tutgan o‘rni muhim ekanligi, bu yo‘nalishda olimning yaratib ketgan boy ilmiy merosi huquqshunoslik fanini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etib o‘tdi.
Davlat va huquq instituti direktori yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov o‘z kirish nutqida M.Fayzievning ilmiy, pedagogik faoliyatini o‘rganish, uning ilmiy merosini tadqiq etish va tahlil qilish, yosh avlodni tarbiyalashda, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yuksaltirishga muhim ekanligini ta’kidladi.
Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Jo‘raboy Toshqulov ustoz M.Fayzievning ilmiy merosini tahlil qilib, ustoz huquqshunoslikning davlat va huquq nazariyasi, davlat va huquq tarixi, konstitutsiyaviy huquq va qiyosiy huquqshnoslik yo‘nalishlarida ijod qilganligini, O‘zbekiston mustaqilligini huquqiy ta’minlashda, huquqiy tizimni takomillashtirishda muhim bo‘lgan g‘oyalarni ilgari surganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Nig‘monjon Azizov ustoz va olim Mirinoy Fayzievning hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyati to‘g‘risida to‘xtalib, ustoz butun ongli umrini huquqshunoslik ilmi taraqqiyotiga sarflaganligini, u qariyb 50 yil mobaynida ilmiy tadqiqot va pedagoik faoliyat bilan shug‘ullanib, 500 ga yaqin ilmiy ishlar nashr ettirgani, 30 dan ortiq oliy malakali ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlashda munosib hissa qo‘shganligini aytib o‘tdi.
Toshkent davlat universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Mavlyuda Axmedshaeva Mirinoy Fayzievning davlat va huquq nazariyasi fanini rivojiga qo‘shgan hissasi masalasida nutq so‘zlab, o‘z nutqida ustoz O‘zbekistonda davlat va huquq nazariyasi fani taraqqiyotida, uning metodologiyasini rivojlantirishda tutgan o‘rni beqiyosligini alohida uqtirib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professori, yuridik fanlar doktori, professor Alimjon Akilov Mirinoy Fayzievning qiyosiy huquqshunoslik fanini rivojlantirishdagi o‘rni va roli to‘g‘risida fikr yuritib, ustoz O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, huquqshunoslik faniga qiyosiy huquqshunoslikni (kompartivistika) shakllanishiga, qonunchilikni qiyosiy o‘rganish muhimligini asoslab berganligini ta’kidlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy maktabi professori, yuridik fanlar doktori, professor Otaxonov Foziljon Haydarovich, Mirinoy Fayzievning ilmiy ishlarining ko‘lami, nufuzi balandligi, u kishi tomonidan tayyorlangan shogirdlar respublikamizning turli darajadagi oliy hokimiyat va boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, sud tizimida faoliyat ko‘rsatayotganliklarini, oliy ta’lim dargohlarida yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelayotganliklarini, ustozning ilmiy merosi O‘zbekiston huquqshunoslik fani taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilganligini ta’kidladi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori v.b., yuridik fanlar nomzodi, dotsent Raxima Yusuvalieva, Mirinoy Fayzievning Falsafa va huquq institutining ilmiy salohiyati yuksalishiga qo‘shgan hissasi beqiyos ekanligini, ustoz qariyb 50 yil mobaynida ushbu dargohda faoliyat ko‘rsatib, institutning ilmiy faoliyatini yo‘naltirib turganligi, yosh olimlarning yetishib chiqishida o‘zining bilim va kuchini ayamaganligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi a’zosi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Raximov Akmal Ergashevich, Mirinoy Mirzaaxmedovich ilm-fanda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, shogirdlari, hamkasblari orasida hurmatga sazovor inson, O‘zbekistonda huquqshunoslik ilmining rivojlanishiga yetarli hissa qo‘shgan olim, samimiy inson ekanligini, u kishi O‘zbekistonning Konstitutsiyasini ishlab chiqishda faol ishtirok etib, ko‘plab ilg‘or rivojlangan davlatlarning konstitutsiyalarini qiyosiy tahlil etganliklari, ulardagi ilg‘or g‘oyalarni konstitutsiyamizda mujassamlanishida sa’y-harakatlarini ayamaganliklarini uqtirdi.
Shundan so‘ng konferensiyada Davlat va huquq instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari” / Qo‘llanma; “Islom sud huquqi: o‘tmishda va hozirgi davrda” / O‘quv qo‘llanma; “Islom davlati huquqi” / Monografiya; “Mejdunarodnoe pravo (Bibliografiya 1885-2023 gg.)” / Uchebno-metodicheskoe posobie; “Yuridik atamalarning izohli lug‘ati” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida M.Fayzievning hamkasblari, shogirdlari va oila a’zolari ham ustozning hayoti va ijodi yuzasidan fikrlarni bildirishdi.