Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

“O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi: o‘zbek yuridik fanining rivojlanishi” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi

 

Joriy yilning 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi: o‘zbek yuridik fanining rivojlanishi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan olimlar, akademiklar, Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Barqaror rivojlanish markazi xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy maktabi hamda yuridik ixtisoslik bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, bugungi kunda ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Muvofiqlashtirish kengashi raisi, akademik Akmal Saidov ochib berdi. Kirish nutqida A.Saidov davlatimiz mustaqilligining eng katta boylik ekanligi, unga erishish juda og‘ir bo‘lganligi, mustaqillik Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab berganligi, mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuqlar va erishilgan natijalarning tag-zamirida boshqa sohalar qatorida ilm-fan sohasida amalga oshirilgan tadqiqotlar turganligini alohida qayd etib, so‘nggi olti yilda ilm-fan sohasi, xususan, Fanlar akademiyasi va akademiklar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning boy tajribasidan unumli foydalangan holda mustaqillikning ilmiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida tizimli fundamental tadqiqotlarni o‘tkazish muhim ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda ilm-fanning asosiga qurilganligi, bugungi erishilayotgan yuksak natijalarning asosida katta ilmiy mehnat yotganligi haqida fikrlar bildirib, milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimizni yanada chuqur tahlil qilish, ular haqida keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodga zarur tushuntirishlarni berish masalasiga alohida urg‘u berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Omonboy Oqyulov milliy istiqlolimiz tufayli fuqarolik huquqlari, ularga bo‘lgan munosabat hamda fuqarolik-hukuqiy fanlarning yo‘nalishlari tubdan o‘zgarganligi, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy va nomulkiy huquqlari tan olinib, xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlari yaratilganligi xususida fikr mulohazalar bildirdi.

Termiz davlat universiteti Yuridik fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor Jumanazar Xolmo‘minov tomonidan mamlakatimizda yuridik fanning rivoji uzoq tarixga borib taqalishi, o‘zbek yuridik fani rivojlanishining tarixiy asoslari haqida ma’lumotlar berilib, mustaqillik yillarida insonlarning ekologik huquqlarini ilmiy jihatdan ta’minlash jarayoni yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Feruza Muhitdinova ham mustaqillik yillarida davlat va huquq tarixini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilganligi, ushbu yo‘nalishdagi fundamental tadqiqotlarning soni va sifati sezilarli tarzda ortib borayotganligi, bundan olima ayollarning tutgan o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganligiga alohida e’tibor qaratish dolzarbligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Mirodil Baratov mustaqillikning iqtisodiy-huquqiy asoslariga doir ma’ruzasida istiqlolimizning o‘tgan tarixan qisqa davrida amalga oshirilgan ishlar, o‘zgarishlar jarayoni, ushbu jarayonlarning iqtisodiy asoslarini yanada mustahkamlash yuzasidan o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Konferensiya davomida mamlakatimizning atoqli olimlari, ilmiy tadqiqotchilar va yoshlar tomonidan mamlakatimizda yuridik fan sohasini kelgusida rivojlantirish borasida turli munosabatlar bildirildi.

So‘z olganlar mustaqillikning ilmiy-huquqiy asoslarini yanada chuqurlashtirish zarurati bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratishib, bugungi amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan fundamental tadqiqotlarni o‘tkazish, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari tahliliga bag‘ishlangan o‘rganishlarni olib borish amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy demokratik islohotlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Munozaralarga boy o‘tgan konferensiyada mamlakatimizda yuridik fanning asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida Davlat va huquq instituti oldida turgan vazifalar va ularni amalga oshirishning amaliy mexanizmlari belgilab olindi.

Konferensiya davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlar va mutaxassislardan asoslantirilgan javoblarni olishdi.


×