Ma’lumki, 1991 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi 407-XII-son Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining sxematik va rangli tasviri tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsolidir.
Bayram munosabati bilan “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” shiori bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuzasidan O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligida o‘tkazilgan brifingda (2023 yil 15 noyabr) Institut bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi M.X.Baratov O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining Konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari haqida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lishga, shu jumladan: O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi o‘chgan holda va boshqa noma’qul tarzda foydalanishga; O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanishga; O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga va undan qoplama sifatida foydalanishga, shuningdek uni o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shashga yoki uning tasvirini tushirishga; O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan kiyim-bosh, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, shuningdek buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanishga; O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilarni poyabzalga, dastro‘molga, ko‘rpa-to‘shakka, ichki kiyimga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirishga; O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘idan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi kabi qoidalar haqida ma’lumot berildi.
Davlat va huquq instituti
axborot xizmati