O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnoma taqdim etdi.
– So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlari, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlangan demokratik islohotlar qat’iy davom ettirilgani, xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati, hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaytirilgani, odamlarning ongi va dunyoqarashi o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashgani, tadbirkor, dehqon va fermerlarning tashabbuskorligi va mardona mehnati, o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosat hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat’i nazar, 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyos. Chunki mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi, – dedi Prezidentimiz. Shularning barchasini hisobga olib, Prezidentimiz 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilishni taklif qildi. Tashabbus yig‘ilganlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Yangi yil dasturida yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini topishi qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasida mamlakatimizni rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Anjumanda instutut direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unov ishtirok etdi.