Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

Qiynoqqa qarshi kurashish: xalqaro va milliy tajriba

 

2024-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Qiynoqqa qarshi kurashish: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Ilmiy anjuman ishida respublika va xorijda kelgan qator mutaxassislar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti ilmiy jamoasi ham faol qatnashdi.

Konferensiya yalpi majlisida Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M.T. Turg‘unov ham kirish so‘zi bilan qatnashib, o‘z nutqida “Bugungi anjumanimiz huquq-tartibot organlari xodimlari uchun o‘zaro tajriba almashish, sohada mavjud ayrim muammolarga yechim topish, bu muamolarni yechish borasida ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar dinamikasi masalalariga oydinlik kiritishi aniq, bundan tashqari, u kelgusi ishlarni rejalashtirishda umumiy samaradorlikni oshirishga ham katta xissa qo‘shadi”, deb alohida ta’kidladi.

Anjuman davomida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi va FA Davlat va huquq instituti o‘rtasida o‘zaro manfaatli memorandum imzolandi. Mazkur memorandum orqali ikkala tashkilot samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, manfaatli yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish hamda sa’y-harakatlarni birgalikda amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratish orqali  sermahsul ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

IIV Akademiyasi hamda FA Davlat va huquq instituti imzolanayotgan  ushbu hujjatda davlat ta’lim standartlariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda o‘quv jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etishda ilmiy va amaliy hamkorlik qilish, o‘quv jarayonlari hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar uchun dolzarb mavzularda master-klass mashg‘ulotlarini tashkil etish, ilmiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan ilmiy, amaliy, o‘quv-uslubiy va boshqa adabiyot (material)larni birgalikda tayyorlash hamda nashr etishni ko‘zlagan.

Bundan tashqari manfaatdor tomonlar dolzarb mavzularda hamkorlikda fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini muhokama qilish, taalluqli tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘zaro taqriz va xulosalar berish, hamkorlikda turli forumlar (konferensiyalar, seminarlar, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha davra suhbatlari) tashkil qilish va o‘tkazish, o‘zaro qiziqish uyg‘otuvchi masalalar bo‘yicha tahliliy hisobot, umumlashtirish, statistik va boshqa ma’lumotlarni muntazam almashish va boshqa masalalar bo‘yicha yaqin aloqalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Ilmiy anjuman ishida Davlat va huquq instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, yu.f.d., professor A.Tulyaganov, institut bosh ilmiy xodimi yu.f.d., dotsent R.Hakimovlar qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro amaliyot va milliy tajriba xususida fikr bildirdilar.


×