2024 yil 22 may kuni Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M.Turg‘unov Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida Berdax nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti (Berdaq atındaǵı Qaraqalpaq mámleketlik universiteti) ilmiy jamoatchiligi – professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat olib boruvchi Davlat va huquq instituti taqdimoti o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, Davlat va huquq instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 oktyabrdagi 675-son Qaroriga asosan tashkil topgan.
Davlat va huquq instituti davlat, huquq va siyosiy-huquqiy yo‘nalishlarda fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiruvchi, yurisprudensiya sohasida ilmiy yo‘nalishlar hamda izlanishlarni muvofiqlashtiruvchi bosh ilmiy markaz sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot instituti hisoblanadi.
Jamoa tomonidan 2021 yilda 111 ta ilmiy ish nashr etilgani:
57 ta maqola (17 ta xorijiy) va 21 ta ma’ruza (17 ta xalqaro), 20 ta tezis (12 ta xalqaro), 4 ta monografiya, 5 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma chop etilgan.
2022 yilda 142 ta ilmiy nashr chop etilgani:
76 ta maqola (33 ta xorijiy), 43 ta ma’ruza va tezislar (24 ta xorijiy), 14 ta monografiya, 5 ta ilmiy to‘plam, 2 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma chop etildi.
2023 yilda 164 ta ilmiy nashr chop etilgani haqida ma’lumot berildi:
Shundan: 82 ta maqola (29 ta xorijiy), 61 ta ma’ruza va tezislar (37 ta xorijiy), 10 ta monografiya, 3 ta ilmiy to‘plam, 2 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanma chop etildi.
Institut ilmiy hodimlarining faol ishtiroki bilan O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash keng faoliyat olib bormoqda. Mazkur Kengash 93 kishidan iborat. U mamlakat huquqshunos olimlarining o‘ziga xos hamjamiyati bo‘lib, akademik A.Saidov mazkur ilmiy yig‘inga rahbarlik qiladi. Kengash huquqshunoslik fanlarining dolzarb muammolarini muhokama qilib boradi, yuridik fanlar bo‘yicha PhD va DSc ilmiy darajalari uchun mavzularni muvofiqlashtirib boradi.
Birgina 2023 yilda Institut tomonidan 10 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosida ilmiy anjuman va davra suhbatlari o‘tkazilgani, xususan, O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va aholining xabardorligini oshirishdagi o‘rni” mazusida xalqaro davra suhbati (Toshkent. Intercontinental mehmonxonasi, 2023 yil 23 fevral), hamkor tashkilotlar bilan “Konstitutsiyaviy islohotlar: O‘zbekiston va Hindiston tajribasi” mavzusida onlayn va offlayn shaklda xalqaro davra suhbati tashkil etilgani (Toshkent. NNTlar uyi. 2023 yil 13 aprel), yakunda erishilgan natijalar xususida axborot berdi.
Institutda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi NNT tomonidan mamlakatimiz akademik hamjamiyati va NNTlar ishtirokida amalga oshirilishi nazarda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining loyihasi va referendumga oid targ‘ibot tadbirlari o‘tkazish, axborot-tahliliy materiallar tayyorlash bo‘yicha reja ishlab chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etildi va tasdiqdan o‘tkazildi.
Konstitutsiya loyihasiga Institutning 13 nafar xodimi ishtirokida 114 ta taklif berildi.
Reja asosida Institut ilmiy xodimlari tomonidan 2023 yil fevral-mart oylarida respublika hududlari bo‘ylab 82 ta davra suhbati o‘tkazdi. Tadbirlar doirasida “Brayl” alifbosidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi ko‘zi ojizlar jamiyatlari rahbarlariga tarqatildi. Hamkor tashkilotlar bilan birga 20 dan ortiq tadbirlar, shu jumladan 12 tasi xalqaro miqyosda o‘tkazildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va referendumga bag‘ishlangan posterlar, infografikalar hamda ijtimoiy videoroliklar tayyorlandi va tarqatildi, jumladan Facebook, Instagram, Telegram kanallariga joylandi.
Institutda oliy ta’limdan keyingi ta’lim – 12.00.01 – Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi hamda 12.00.13 – Inson huquqlari ixtisosligi doirasida tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik instituti faoliyat boshlagani haqida ma’lumot berildi.
Anjuman so‘nggida Davlat va huquq instituti hamda Berdax nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik qirralari xususida kelishib olindi.