Сайт работает в тестовом режиме

Единый контактный номер (+998) 71 2000036; Телефон доверия (+998) 71 2335623

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va manfaatlari kafolati

 

Joriy yil 30 aprel kuni umumxalq ovoziga qo‘yilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim siyosiy sana mamlakatda o‘zaro munosabatlarning asosi sifatida “davlat-jamiyat-inson” tamoyili o‘rniga “inson-jamiyat-davlat” g‘oyasi asos qilib qo‘yilishiga qaratilgan voqea sifatida tarixga kirdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson, uning huquqi va erkinligi oliy qadriyat deya tan olingan O‘zbekistonning ko‘pmillatli xalqi irodasini ro‘yobga chiqarish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois inson va fuqaroning asosiy shaxsiy huquqi va erkinligini ta’minlashning konstitutsiyaviy kafolati yanada kuchaytirilyapti.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Akbarshoh Teshaboyev O‘zA muxbiriga bergan intervyusida Bosh qomusimizda o‘z aksini topgan qator moddalarni sharhlab berdi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, tom ma’noda, inson huquq va manfaatlarining huquqiy kafolati hisoblanadi. Buni bir emas, bir nechta misollarda ko‘rish mumkin.

Birinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi barcha normalar yagona tushuncha, ya’ni “inson qadri” degan tushunchaning atrofiga qurilgan. Xususan, huquqiy davlat tushunchasidan tortib, sudga murojaat qilish, uy-joy bilan ta’minlanish, so‘z erkinligi va boshqa huquqlar, avvalo, insonga tegishli hisoblanadi.

Ikkinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat va jamiyat ishlarini boshqarish inson bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, 9-moddaning birinchi qismiga muvofiq, “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq ovoziga — referendumga qo‘yiladi.”. Ma’lumki, referendumda fuqarolar ishtirok etadi, munosib tanlovini amalga oshiradi. Shu o‘rinda insonning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini ko‘rish mumkin.

Uchinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekani, inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat ekani, O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanishi alohida qayd etildi. Mazkur norma Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyada (2-modda), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda (2, 6-moddalar) nazarda tutilgan.

O‘zbekiston qonunchiligida javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgani tufayli, ushbu ishlar bo‘yicha jinoyat qonunlarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash zarurligi alohida ahamiyat kasb etadi. Jinoyat kodeksining 97-moddasi qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik o‘rnatadi.

Mazkur o‘zgartirish nafaqat o‘lim jazosini bekor qilish, balki qat’iy ravishda O‘zbekiston o‘lim jazosi taqiqlanishini, e’lon qilmoqda. Bu kabi normalar bir qator xalqaro hujjatlarda aniq qoida sifatida belgilangan.

Xususan, BMTning 1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 6-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir. Bu huquq qonun bilan muhofaza qilinadi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan hayotdan mahrum etilishi mumkin emas”. O‘lim jazosini taqiqlash mazkur Paktga 1989 yil 15 dekabrdagi ikkinchi qo‘shimcha protokol talablaridan kelib chiqadi.

To‘rtinchidan, Konstitutsiyaning 29-moddasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi ham belgilandi.

Sir emas, zarur hollarda malakali yuridik yordam olishga barchaning ham qurbi yetmaydi. Shunday vaziyatda, fuqaro o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Davlat baholi qudrat yordam qo‘lini cho‘zishi lozim va shart. Shu bois, muhtoj fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam olish Konstitutsiyada alohida belgilanishi ham ijtimoiy, ham huquqiy nuqtai nazardan ulkan ahamiyat kasb etadi.

Amaldagi qonunchiligimizga muvofiq bugungi kunda bepul yuridik yordam asosan jinoyat protsessual qonunchiligi doirasida ko‘rsatiladi. Fuqarolik ishlari, mehnat nizolari va boshqa yo‘nalishlarda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilmaydi. Konstitutsiyadagi mazkur yangilik fuqarolarimiz nafaqat jinoyat ishlari doirasida, balki fuqarolik, mehnat va boshqa sohalarda ham davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkinligini anglatadi.

Beshinchidan, Konstitutsiyaning 33-modasida “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga egaligi, davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi, tartibini ta’minlash, shuningdek, davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yilishi” qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida “oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi”, deb mamlakatimiz transformatsiyasining eng muhim yo‘nalishini belgilab berdi.

Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi normalar orqali, birinchidan, har bir shaxsning internet tarmog‘iga kirishini ta’minlash uchun davlat shart-sharoit yaratishga majburligi belgilansa, ikkinchidan, axborotni, shu jumladan, internetdan foydalangan holda izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarni cheklashga qaysi hollarda yo‘l qo‘yilishi aniq belgilandi.

Ma’lumki, internetga kirish, erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar yozma ravishda yoki ifodalashning boshqa usullarida turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi. Shu bilan birga, mazkur huquqlarni amalga oshirish alohida majburiyat va mas’uliyat yuklaydi.

O‘zbekistonda mobil telefondan foydalanuvchi aholi 25 million nafardan, internetdan foydalanuvchilar esa, 30 million kishidan oshdi. Odamlarimiz bankda hisob raqami ochish, mahsulot yoki xizmatlar uchun to‘lovlar qilish, 400 ga yaqin davlat xizmatlaridan uyidan chiqmasdan, telefon orqali foydalanmoqda.

Mazkur huquq raqamlashtirish asrida demokratik, huquqiy va adolatli jamiyat qurayotgan barcha davlatlar uchun muhim. Ularni Konstitutsiyamizda mustahkamlash, birinchidan, fuqarolarimizning axborotni izlash, olish va tarqatish huquqini hamda internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqini kafolatlasa, ikkinchidan, mazkur huquqlarni suiiste’mol qilinmasligini oldini olish, fuqarolarimizning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Axborotni izlash, olish, tarqatish yo‘nalishidagi cheklovlar va ularni buzganlik uchun javobgarlik amaldagi qonunchiligimizning normalarida aniq belgilab berilgan.

So‘z erkinligi huquqi va uni muayyan sharoitda cheklash mumkinligi to‘g‘risidagi normalar barcha inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarda o‘z aksini topgan, xususan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasida ham shu kabi normalar batafsil ochib berilgan.

Oltinchidan, Konstitutsiyaning 54-moddasida “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir” deya ta’kidlandi.

Mamlakat o‘z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi, 2021 yil 22 fevralda Jeneva shahrida video-anjuman shaklida bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ziyod xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tuzilmaning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelayotganini qayd etish o‘rinli.

Bundan tashqari, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, 2020 yilda ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uning “yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Hujjatda aniq ifodalangan 78 vazifani amalga oshirish belgilangan.

Ustuvor yo‘nalishlar – shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklari sohasida qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni joriy qilish mexanizmini takomillashtirish, monitoringini amalga oshirish, inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar: sohaga doir xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, chet el davlatlarining huquqni himoya qilish milliy muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha umumjahon dasturini, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tayyorlash deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro sheriklar bilan qalin hamkorlikda inson huquqlari bo‘yicha 120 dan ziyod asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlar davlat tiliga tarjima qilindi, ko‘p nusxada nashr etildi.

Yettinchidan, Konstitutsiyaning 55-moddasida ilk marotaba “Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli” degan norma belgilandi.

Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

Mazkur norma O‘zbekiston fuqarolariga o‘z huquqi, erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy hamda xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlaydi. Xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan BMT va XMT konvensiyalarida mustahkamlangan.

Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda Prezidentning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida o‘sha yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi” hamda BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur hujjatlarda mamlakat yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan shaxslar BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga Respublika ishtirokchisi bo‘lgan xalqaro shartnomalar bilan kafolatlangan huquqning O‘zbekiston tomonidan buzilgani to‘g‘risidagi yozma murojaat qilish tartibi ham belgilangan.

Bosh qomusimizda ushbu normaning mavjudligi respublikaning Statistik salohiyat indeksi, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi, Huquq ustuvorligi indeksi, Boshqaruv sifati indikatorlari kabi bir qator xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanishiga olib keladi.


×