The site is running testing mode

Single contact number (+998) 71 2000036; Helpline (+998) 71 2335623

Xalqaro ilm-fan sohasida xotin-qizlarning rolini yanada mustahkamlash – davr talabi

 

2025-yilning 7-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Termiz davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, akademik hamjamiyat hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyani Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.Saidov ochib berdi. A.Saidov o‘z kirish so‘zida O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasida so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan tarixiy ishlar amalga oshirilganligi, ayniqsa, mamlakatimiz xotin-qizlarining ilm-fan sohasidagi huquqlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni to‘la bajarib kelayotganligi, bu borada samarali milliy mexanizmlar joriy etilganligi va ular asosida xotin-qizlarning konstitutsiyaviy huquqlari ta’minlanayotganligini alohida qayd etib o‘tdi.

Fanlar akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi boshlig‘i N.Mustafoyeva o‘z kirish so‘zida ilm-fan sohasida xotin-qizlarning roli keskin oshib borayotganligi, bugungi kunda oliy ta’limning bakalavriat, magistratura hamda tayanch doktoranturada xotin-qizlarning davlat hisobidan ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, Fanlar akademiyasi tizimida bu borada katta ishlar qilinayotganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Konferensiyaning I yalpi sessiyasida “Ilm-fanda ayollar: yutuqlar va yangi imkoniyatlar” mavzusi doirasida ma’ruzalar va muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Xususan, unda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kafedra boshlig‘ining o‘rinbosari N.Turg‘unova “O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlar”, Bojxona instituti katta o‘qituvchisi M.Shermamatova “Gender tenglik muammolarini inobatga olgan holda, savdo munosabatlarini soddalashtirish masalalari”, Transport universiteti dotsenti M.Inagamova “Ayollar reproduktiv huquqlarini ta’minlashning xalqaro-huquqiy jihatlari”, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi katta o‘qituvchisi Sh.Rashidova “Arab mamlakatlarida ayollarning ilm-fan sohasidagi faoliyati” mavzularida tahliliy, ilmiy ma’ruzalar qilishdi.

Konferensiyaning II yalpi sessiyasi “Xotin-qizlarni  huquqiy himoya qilish – yosh olimlar  nigohida” degan mavzuga bag‘ishlandi. Ushbu sessiya doirasida 9 ta ma’ruza qilinib, ularda “AQShda ayollar huquqlari tarixi: o‘zgarishlar va taraqqiyot yo‘llari”; “O‘zbekiston Respublikasida nogironligi bo‘lgan ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlari”; “Bolalar ta’lim olish huquqining o‘ziga xos tizim sifatida namoyon bo‘lishi va uning elementlari”; “Jinoyat ishlarini sudga qadar yuritishda ayollar huquqlari va erkinliklarini ta’minlash”; “Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi (CEDAW)ning xotin-qizlarni himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashdagi o‘rni”; “Yangi O‘zbekistonda ayollarning oilaviy zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqlarining o‘ziga xos xususiyatlari”; “O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda prokuratura organlarinining o‘rni va ahamiyati”; “Ayollar huquqlarini himoya qilishning xalqaro va milliy mexanizmi” kabi mavzularda tahliliy chiqishlar qilindi.

Konferensiya yakunida xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasida quyidagi yakuniy xulosalarga kelindi:

birinchidan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalarni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash. Bu borada davlat organlari va nodavlat tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlashga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ijrosini ta’minlash;

ikkinchidan, islohotlarning davomiyligini ta’minlash maqsadida gender tenglik muammolarini inobatga olgan holda, savdo munosabatlarini soddalashtirish, xususan, savdo-sotiq jarayonlarida xotin-qizlarning iqtisodiy tashabbuslari va faoliyati uchun qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etish;

uchinchidan, ayollar reproduktiv huquqlarini ta’minlashda davlat zimmasiga oladigan majburiyatlarni bajarish uchun tegishli tashkiliy-huquqiy, institutsional mexanizmlarni yaratish choralarini ko‘rish. Bu borada har yili alohida-alohida kompleks chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va undagi tadbirlarning ijrosini ta’minlab borish;

to‘rtinchidan, O‘zbekistonda ayollarning ilm-fan sohasidagi faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish. Shu maqsadda oliy ta’limning bakalavriat, magistratura hamda tayanch doktoranturaga qabul kvotalarida xotin-qizlarning ulushini oshirish.

Kun mavzusi yuzasidan ishtirokchilar qiziqarli bahs-munozaralarga kirishdilar. Shuningdek, konferensiyada ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

    

    


×