Mazkur tadbir 2023 yilning 25 mart kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligi majlislar zalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida xalq deputatlari Zangiota, Toshkent tumani kengashi deputatlari, mahalla faollari, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, ja’mi 200 dan ziyod fuqarolar ishtirok etdi.
“Huquqlar, erkinliklar: mohiyat va istiqbollar” mavzusida bo‘lib o‘tgan anjuman ishini O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., katta ilmiy xodim M.T.Turg‘unov kirish so‘zi bilan ochib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyusion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam ekanini qayd etdi.
Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan – 155 taga, normalar soni 275 tadan – 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni 65 foiz o‘zgardi va xalqimiz takliflari asosida yangilangani e’tirof etildi.
O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. M.X.Baratov quyidagi masalalarga to‘xtalib o‘tdi; 58-moddada Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi. deb mustahkamlanmoqda.
Xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini e’tiborga olsak, gender tenglikni ta’minlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab beradi. “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz – butun millatni o‘qitgan bo‘lasiz”, deb bejiz ta’kidlanmagan. Shu bois, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning ta’lim olishlari, ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish davlatning alohida vazifasiga aylandi. Natijada birgina 2022 yilda oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan talabalarning 49,9 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.
Mazkur normaning kiritilishi hamda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi to‘laqonli faol ishtiroki ta’minlanishi natijasida 2030 yilga qadar boshqaruv lavozimlarida ishlovchi xotin-qizlar ulushi kamida 30 foizni tashkil etishi ta’minlanadi. Eng avvalo, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirishga, ikkinchidan, parlament, hukumat, vazirliklar, hokimiyat ishlarida kengroq jalb etish imkoniyatini yaratadi.
O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. A.Q.Xudoyberdiev yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson, shu jumladan qonunni buzganlarning huquqlarini davlat organlari, mansabdor shaxslarning har qanday o‘zboshimchaliklaridan himoya qilishning deyarli barcha zamonaviy usullarini o‘zida mujassam etgan inson va fuqaroni huquqiy himoya qilishning ishonchli mexanizmlari mustahkamlangan normalarga e’tibor qaratdi.
Kiritilayotgan tuzatishlar:
– inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari, shu jumladan “Xabeas Korpus Akt” va “Miranda qoidasi” umum e’tirof etilgan institutlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash orqali sezilarli kuchaytirildi.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan “Miranda qoidasi”, xususan, ushlash chog‘ida shaxs o‘z huquqlari to‘g‘risida xabardor qilinishi lozimligi, uni ushlab turgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi esa, ushlab turilgan shaxsga tushuntirilgan huquqlari tushunarli bo‘lganmi? – degan savolga ijobiy javob olishi lozimligini nazarda tutuvchi qoida barcha demokratik mamlakatlarda qo‘llanilgani, ijobiy tajriba ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, suhbat davomida ishtirokchilar tomonidan inklyuziv ta’lim, tibbiy xizmat, bola huquqlari to‘g‘risida berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.