Anjuman ishida O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i M.X.Baratov, ilmiy kotib Sh.Rahmatullayevlar kun mavzusi yuzasidan o‘z ma’ruza va muzokara so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Respublika urush va mehnat faxriylari pansionati, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar taklif etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – keksalar, ularning ijtimoiy faolligi, ularning foydalanilmagan potensialidan samarali foydalanish, ularni huquqiy, ijtimoiy, tibbiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, keksalar yoshi bilan bog‘liq jahonda kuzatilayotgan ijtimoiy-demografik tendensiyalar borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, bu borada faoliyat olib borayotgan amaliyotchi-mutaxassis hamda ekspertlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, keksalar, avlodlararo munosabatlar, demografiya va sotsiogerontologik yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan tanishtirish, aholi o‘rtasida keksalarni eʼzozlash, ularning hayotiy va kasbiy tajribalaridan samaradi foydalanishni targ‘ib qilish, mazkur masalalar bo‘yicha tajriba almashish, ularning natijalari asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
“Keksalik va hozirgi zamon: mavjud holat, rivojlanish tendensiyalari va istiqboldagi muammolar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida “Keksalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘lami va samarasini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”,“Ijtimoiy gerontologiyaning dolzarb masalalari”,“Nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari”, “Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida keksalarni ijtimoiy himoyalash masalalari”, “Faol qarilik indeksi – keksalarga oid ijtimoiy siyosatning asosi” singari 15 ga yaqin maʼruzalar tinglanib, uning yakunida munozarali savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Konferensiyaga taqdim etilgan 30 ga yaqin maqolalar to‘plam shaklida nashr ettiriladi.