2023 yil 12 aprel kuni Samarqand shahri Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti faollar zalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish — davlatning konstitutsiyaviy burchi” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida universitet professor o‘qituvchi va talabalar OAV vakillari ishtirok etdi. davra suhbatida “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish — davlatning konstitutsiyaviy burchi” va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov va Institut bosh ilmiy xodimi yuridik fanlar doktori, professor N.Azizov tomonidan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berildi.
Davra suhbatini ochib bergan O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, professor M.Turg‘unov yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20 va 21 moddalariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir. Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.; hamda “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart. Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin” kabi normalarni tushuntirib berdi.
Professor N.Azizov o‘z nutqida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning IX bobida aks etgan “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar”larga alohida to‘xtalib, kiritlgan yangi normalarga e’tibor qaratdi. Jumladan, “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi” (41-modda); “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”(42-modda); “Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi” (43-modda); “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi. Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” (44-modda); “Har kim dam olish huquqiga ega. Yollanib ishlovchilarga dam olish huquqi ish vaqtining davomiyligini, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarini, haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tilini belgilash orqali ta’minlanadi” (45-modda).
Ayni vaqtda, Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov Samarqand Davlat universiteti majlislar zalida turib, onlayn tizim orqali Toshkent shahrida Davlat va huquq institutida tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar: O‘zbekiston va Pokiston tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Pokiston davra suhbatida qatnashdi va Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida nutq so‘zladi.
Shuningdek, o‘z ma’ruzasida inson huquqlari, yoshlar siyosati va ta’lim sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi, xususan, Miranda qoidasi, Xabies korpus institutining mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.
Tadbir yakunida tushgan savollarga tegishli javoblar berildi. Davra suhbatida 50 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.