The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar: yo‘nalishlari va mohiyati

2023 yilning 13 aprel kuni G‘azalkent tumanidagi 54-son umumiy o‘rta ta’lim internat-maktabida Toshkent viloyati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar: yo‘nalishlari va mohiyati” mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq institutining katta ilmiy xodimlari – yu.f.d., dotsent R.Hakimov, yu.f.n., dotsent H.Yunusov va doktorant S.Jalilovlar qatnashib, ushbu maktabning o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Institut xodimlari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, zarurati, ahamiyati va kutilayotgan natijalar xususida ma’ruzalar qilindi, fikr-mulohazalar bildirildi. Yu.f.d., dotsent R.Hakimov o‘z chiqishida «konstitutsiya», «referendum» kabi tushunchalarning asosiy mazmun-mohiyati, respublikamizda konstitutsiyaviy islohotlarning o‘tkazilish sabablari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlar haqida gapirib berdi. Xususan, dotsent R.Xakimov Konstitutsiyaviy islohot davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagi yondashuvni va faoliyat tamoyillarini tubdan o‘zgartirishga, Yangi O‘zbekistonda o‘zaro munosabatlarning asosi sifatida “davlat-jamiyat-inson” tamoyili o‘rniga “inson-jamiyat-davlat” g‘oyasini asos qilib qo‘yishga qaratilganini ta’kidladi. Konstitutsiya 1992 yilda qabul qilinganidan buyon unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning deyarli barchasi asosan davlat va jamiyat qurilishi, jumladan Prezident, Parlament, Hukumat faoliyati, saylov tizimi va boshqalarga taalluqli bo‘lganligini qayd etdi.

O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalarning yarmidan ko‘pi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgani, Konstitutsiyada aholining barcha qatlamlari manfaatlari aks ettirilganligini inobatga olib, har bir O‘zbekiston fuqarosi ishonch bilan “Bu mening Konstitutsiyam” deb ayta oladi deyish uchun barcha asoslar mavjudligi, Konstitutsiyada davlat hokimiyati o‘z faoliyatida qonun bilan cheklanishini, suveren xalq irodasiga bo‘ysunishini, shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlashini nazarda tutuvchi huquqiy davlatning barcha belgilari o‘z ifodasini topganligini gapirib o‘tdi.

Yu.f.n., dotsent H.Yunusov o‘z ma’ruzasida inson huquqlari, yoshlar siyosati va ta’lim sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi, xususan, Miranda qoidasi, Xabies korpus institutining mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi. Konstitutsiya har kimning huquqini kafolatlovchi asosiy hujjat ekanini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, inson va fuqaroning asosiy shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashning konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirilganiga to‘xtalib, kiritilayotgan tuzatishlarni tavsiflab berdi:

– O‘zbekistonda insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi (19-modda);

– insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning, davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak (20-modda);

– Konstitutsiyada ilk marotaba har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Bunda, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda (21-modda);

– O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi (23-modda);

So‘zining yakunida, ushbu normalar fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishning davlat kafolatlarini mustahkamlash imkonini yaratadi, shuningdek xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish, xalqaro maydonda O‘zbekiston Respublikasining ijobiy imidjini shakllantirish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qiladi, deb ta’kidladi.

Institut doktoranti S.Jalilov Konstitutsiya barcha qonunlarning asosi ekanini, uni o‘rganish va bilishning ahamiyatini hayotiy misollar yordamida yoritib berdi.

Ma’ruzalardan so‘ng maktab o‘qituvchilari jamoasi va o‘quvchilarning savollariga javoblar berildi, shuningdek, kelgusida ham ta’lim va tarbiya sohasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Davra suhbatida 150 nafar o‘qituvchilari jamoasi va o‘quvchilar ishtirok etdi.


×