The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O‘zbekistonda xususiy mulk: ommaviylik, tadrijiylik, samaradorlik

Mulk deb atalmish ne’mat barcha makon va zamonlarda kishilarni o‘ziga ohanrabodek tortib kelgan. Uning xususiy qo‘llarda mavjudligi, salmog‘i, hajmi va qiymati jamiyat a’zolarining ijtimoiy mavqeini belgilab kelgan.

Zero, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, bir so‘z bilan aytganda, mulkdorlik boylikning o‘ziga xos etaloni bo‘lib kelgan va sir emas, ayni zamonamizda ham shunday bo‘lib qolmoqda. So‘z xususiy mulkdorlik xususida ketmoqda.

O‘zbekiston sobiq Ittifoq tuzumi tarkibida bo‘lgan yillar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, mulkni haddan tashqari markazlashtirish va jamiyatning barcha muammolarini davlat zimmasiga yuklash hamda davlatning nimalarga qodirligini chetdan turib kuzatish oxir-oqibat iqtisodiy tanazzulga olib keldi. Zero, “qayta qurish”gacha bo‘lgan davrda davlatning qo‘lida mavjud moddiy ne’matlarning 90 foizdan ko‘prog‘ining to‘planib qolishi iqtisodiy munosabatlarning turg‘unlashuviga sabab bo‘lganligi achchiq haqiqat.

Bundan tashqari, mulkning davlat ixtiyorida markazlashuvi xo‘jasizlikka, uning talon-taroj qilinishiga, ko‘paytirish o‘rniga – o‘zlashtirishga uchradi. Shu bilan birga, mulkka nisbatan qat’iy belgilangan “meniki”, “o‘zganiki” tushunchalarining yo‘qotilishi va uning o‘rniga “bizniki”, ”hammaniki”, demak, “meniki” yoki “hammaniki, shuning uchun ham meniki emas”, degan  qarashlarning paydo bo‘lishi mulkchilik munosabatlari tubdan izdan chiqishiga olib keldi.

Bu holatlar mulkni davlat qo‘lida bunday darajada (sobiq Ittifoqda bo‘lgani kabi) to‘planishining iqtisodiyot uchun, kishilarning mulkka bo‘lgan munosabatlari uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, iqtisodiy rivojlanishning to‘xtab qolishiga, turg‘un bo‘lishiga ham olib keldi. Ha, kishilar mulkdan sun’iy ravishda “begonalashtirildi”.

1963-yilning 23-martida tasdiqlangan va 1964-yilning 1-yanvaridan amalga kiritilgan “O‘zbekiston SSR Grajdanlik kodeksi”ning 119-moddasiga ko‘ra, “grajdanlarning shaxsiy mulkida chorva mollari va parrandalar boqish normasi xalq deputatlari shahar, posyolka, qishloq, ovul Sovetlari, sovxozlar boshqa davlat qishloq xo‘jalik korxonalari, kolxozlar yoki boshqa qishloq xo‘jalik kooperativlari a’zolarining umumiy yig‘ilishlari tomonidan belgilanadi”. Kodeksning 120-moddasi “grajdanning shaxsiy mulkida bitta uy (yoki uyning bir qismi) bo‘lishi mumkin. Birga istiqomat qiluvchi er-xotin bilan ularning voyaga yetmagan bolalari tasarrufida – ulardan birining shaxsiy mulki tarzida yoki ularning umumiy mulki tarzida faqat bitta uy bo‘lishi mumkin...

Ushbu me’yor “ko‘rsatilgan grajdanlarga tegishli uy-joyning yoki uning qismi (qismlari)ning maksimum hajmi, turar-joy maydoni to‘qson kvadrat metrdan oshmasligi lozim”ligini normalaydi. 121-moddasi esa, “agar grajdanning shaxsiy mulkida yoki birga turuvchi er va xotin hamda ularning voyaga yetmagan bolalari ixtiyorida qonun yo‘l qo‘ygan asoslar bo‘yicha uy-joy bittadan ortiq bo‘lib qolsa, uy egasi o‘z xohishi bilan ana shu uy-joylardan birini o‘z egaligida qoldirishga haqlidir. Boshqa uy-joyi (uylari) ni uy egasi ana shu uy-joy (uylar) ga egalik qilish huquqi vujudga kelgan kundan boshlab bir yil davomida sotishi, hadya qilishi yoki boshqa usul bilan birovga o‘tkazishi lozim.

Basharti... Uy-joy egasi belgilangan muddat ichida ortiqcha uy-joyini, qaysi shaklda bo‘lmasin, birovga o‘tkazish huquqidan foydalanmasa, bu uy-joy – xalq deputatlari rayon, shahar, shahardagi rayon Soveti ijroiya komitetining qarori bilan, O‘zbekiston SSR Grajdanlik-protsessual kodeksi asosida sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda majburiy suratda sotilishi lozim bo‘ladi. Bu uy-joyni sotishdan tushgan summa, majburiy suratda sotish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar qoplangandan keyin, shu uyning sobiq egasiga topshiriladi. Agar xaridor topilmaganligi sababli uy-joyni majburiy tartibda sotish iloji bo‘lmasa, bu uy-joy xalq deputatlari rayon, shahar, shahardagi rayon Soveti ijroiya komitetining qaroriga muvofiq bepul tarzda davlat mulkiga o‘tkazilib, xalq deputatlari mahalliy Soveti fondiga qo‘shiladi” (kursivlar bizniki – M.B.). Eng ayanchli va kulgilisi, ushbu Kodeksning 106-moddasi “Sotsialistik va shaxsiy mulk”ka bag‘ishlanadi-yu, amalda normaning dispozitsiyasida “shaxsiy mulk” haqida aytishga arzirli norma belgilanmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq respublikamizda mulk islohoti o‘tkazish zaruriyati yuzaga keldi.

Respublikamizda mulkiy islohotlar o‘tgan asrning 80-yillari oxirlaridanoq boshlandi. 1989-yilning 24-iyun kuni respublika hukumati majlisida Islom Karimovning “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamoning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi”, deya qat’iy bayonoti o‘laroq, xiyol o‘tmay, 1989-yil 15-avgustda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi va O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Kolxozchilar, sovxozlarning ishchilari, grajdanlarning shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarini va yakka tartibda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilinishiga olib keldi.

Unda yuqoridagi hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarga sharoitdan kelib chiqib, 0,25 gektargacha tomorqa uchastkasi ajratish haqida norma belgilangan edi. Ehtimol, fuqarolarimizda (er misolida) mulkka  nisbatan egamenlik tuyg‘usi o‘sha palladan boshlangan bo‘lsa, ajab emas. Muhimi va favqulodda ahamiyatlisi, bu qarorning sobiq Ittifoq hali hukm surib turgan paytda qabul qilinganligidir.

Keyinchalik, 1990-yil 31-oktyabrda – “O‘zbekiston Respublikasida  mulkchilik to‘g‘risida”, 1991-yil 31-avgustda – “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”, 1991-yil 19-noyabrda – “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilindi.

“Mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunda respublikada birinchi marta mulkiy huquq tan olindi (!) va qonun bilan muhofaza etiladigan kategoriya ekanligi, mulkdor o‘ziga tegishli mol-mulkka – o‘z ixtiyoriga ko‘ra egalik qilishi, undan foydalanishi va tasarruf etishi belgilandi. Ushbu qonun o‘sha davr, tarix va mafkuraviy jihatdan o‘ta progressiv ahamiyatga ega edi. Boshrog‘da aytilganidek, mulkning keng shakllari e’tirof etildi. Mulkdor o‘z mulkidan qonun bilan ta’qiqlanmagan har qanday xo‘jalik yoki boshqa faoliyatni amalga oshiradigan bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining moddiy asosi uning mulkidir. Respublika hududidagi yer, yer osti boyliklari, suv va o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy va boshqa resurslar, respublikaning ma’naviy boyliklari O‘zbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi... O‘zbekiston Respublikasining mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish respublika qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi”.

Aytish mumkinki, ushbu omillar mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning huquqiy zamini bo‘ldi. So‘ngroq, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunda bu jarayonning huquqiy asoslari, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni amalga oshirishning mexanizmlari, usul va vositalari mustahkamlandi.

Darhaqiqat, davlat mulkini xususiylashtirish orqali mulkchilik munosabatlaridagi monopoliyaga barham berish va iqtisodiyotda ko‘p ukladli sog‘lom raqobatga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga erishish – eng asosiy vazifalardan biri edi. Manbalarda qayd etilganidek, O‘zbekistonda xususiylashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish ishlarining keng ko‘lamda amalga oshirilishi, mulkiy plyuralizm, aralash iqtisodiyotga yo‘l ochish chet el investorlarini iqtisodiyotimizga chorlaydigan asosiy omillar bo‘ldi.

Voqealar rivoji tezlashdi, jadallashdi: navbatdagi bosqichda mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda “har bir shaxsning mulkdor bo‘lishga haqli” ekani, “bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi”, “xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida” ekani belgilandi.

Darhaqiqat, Islom Karimovning o‘z davrida qayd etgan “…biz shuni teran anglab olishimiz kerakki, bozor va bozor munosabatlarini mulk egalari paydo bo‘lmasdan tasavvur qilish mumkin emas. Bozor, iqtisodiy erkinlik o‘ziga xos kishilar – mulk egalarisiz amal qilolmaydi”, degan fikrlarini eslash o‘rinli.

Katta islohotlar yo‘li bosib o‘tildi. Tajriba to‘plandi. Ko‘nikmalar hosil bo‘ldi. Saboqlar chiqarildi. Ayniqsa, mamlakatimizda “Harakatlar strategiyasi” davrida mulkiy plyuralizm keng quloch yoydi. Xalqaro reytinglarda investitsiyaviy jozibadorlik indeksimiz oshdi. Bularning barchasi – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tashkiliy, huquqiy va institutsional islohotlar, o‘zgarishlarning natijasi, deyish mumkin.

Masalaning o‘q ildizi – yerga nisbatan xususiy mulkchilikni joriy qilish bilan bog‘liq pallaga keldi. Ha, yerga egalik masalasi – aholisining aksariyati qishloqda yashaydigan, yerni sevadigan yurt uchun o‘zak masalalardan biri. Biroq mamlakatimizda ekin ekiladigan yerlarning sezilarli qismi sug‘oriladigan yerlar bo‘lib, ular davlat irrigatsiya tizimiga muhtojdir. Yerning oldi-sotdi qilinishi, bo‘lib tashlanishi mushtarak irrigatsiya tizimining buzilishiga olib kelar, bundan tashqari, yer – uni o‘z maqsadlari yo‘lida ayovsiz foydalanuvchi, faqat manfaat izlovchi shaxslar qo‘lida to‘planishi xavfi ham bor edi. Shuning uchun o‘tgan yillar mobaynida yerni davlat mulki sifatida saqlash maqsadga muvofiq, deb hisoblab kelindi.

Bugungi kunda vaziyat mamlakatimizda o‘tkazilayotgan keng qamrovli islohotlarga monand tubdan o‘zgardi. Yerga nisbatan xususiy mulkchilikning belgilanishi – rivojlangan bozor sharoitining zaruriy shartlaridan biri   sifatida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan sharoitga kirib bormoqdamiz. Bu holatni rivojlangan mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy) amaliyotida  yaqqol kuzatish   mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida qayd etilganidek, “erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Konstitutsiyada alohida o‘rin egallashi kerak”.

Shunday bo‘ldi ham. Umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi mamlakat Konstitutsiyasida “Er – qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda – xususiy mulk bo‘lishi mumkin”ligi normalandi.

Davlat rahbarining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan, mamlakatimizdagi barcha tarmoqlar kesimida funksional vazifalar aniq belgilab olindi.

Navbat – amaliy ishlarga.

Mirodiljon BARATOV,

O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i,

yuridik fanlar doktori, professor


×