2023 yil 13 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Majburiy ijro byurosi binosining majlislar-zalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Shayxontohur tuman hokimiyati tashabbusi bilan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining kafolatlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatlari, ilm-fan va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar, erishilgan milliy va xorijiy tajribaning ilg‘or xususiyatlari, kutilayotgan siyosiy jarayonlar, norma ijodkorligi haqida O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. M.Baratov o‘z fikr-mulohazalarini tinglovchilarga bayon qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendumning mazmun-mohiyati, inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq moddalariga alohida urg‘u berib o‘tdi. Jumladan, u har bir insonning haq-huquqlariga to‘xtalib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 27 va 28 moddalaridagi o‘zgarishlarga, xususan, “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart” (27-modda); “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmagunchaaybsiz debhisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoyaqilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas” (28-modda)larga e’tiborini qaratdi.
O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. A.Xudoyberdiev yangi Konstitutsiyada xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengaytirilib, jumladan, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilanayotganligini, ilk bor shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, sukut saqlash huquqi kafolatlanmoqda. Boshqacha aytganda, xalqaro e’tirof etilgan yana bir muhim andoza – “Miranda qoidalari” asosiy qonunimizga tatbiq etilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Majburiy ijro byurosi xodimlari tarkibi o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ma’ruzachilarga murojaat qildi. Davra suhbatida 70 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.