The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari

2023 yil 20 aprel kuni Urganch shahrida O‘zbekiston NNTlar Milliy assotsiatsiyasiga qarashli “Do‘stlik uyi” anjuman-zalida “Konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlis deputatlari, viloyatdagi faol nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, ommaviy axborot vositalari taklif etildi. Unda milliy-madaniy markaz faollari, nogironlar va ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari va mutaxassislar qatnashishdi.

Mazkur davra suhbatida FA Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unov, institut bosh ilmiy xodimi yu.f.d., prof. N.Azizov tomonidan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berildi.

Davra suhbatini ochib bergan O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, prof. M.Turg‘unov “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati,  Konstitutsiyada inson xuquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha qoidalar hamda ularga amal qilish holatini yangi tartibda belgilanayotganligi hususida batafsil tushuncha berdi. Shuningdek, amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 16 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ekanligi, endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquqlari bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Shuningdek, bir yil oldin e’lon qilingan konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish» deb nomlanganligini, o‘sha paytdagi birinchi bosqichda 60 mingta taklif tushdi va o‘zgarishlar u qadar katta bo‘lmaganini, 150 ming taklif tushgandan so‘ng esa loyiha hajmi ham kengayganini ta’kidladi. Ya’ni taklif qilinayotgan loyihada 128 ta modda 155 taga ko‘paygani, 275 ta me’yor 434 taga oshgani, 91 ta me’yorga fundamental o‘zgartirish kiritilgani hamda fundamental asosiy prinsiplar saqlanib qolgani uchun yangi Konstitutsiya deyish ham bir tomondan noto‘g‘ri ekanligini tushuntirdi. Eng muhimi, inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar o‘zgarganini, davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 karra oshganini alohida ta’kidladi.

Davra suhbati davomida, prof. M.Turg‘unov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi,  Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan viloyat ko‘zi ojizlar jamiyati raisiga  Brayl alifbosidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasini taqdim etdi. Bu O‘zbekiston xukumati tomonidan olib borilayotgan izchil ijtimoiy siyosatning, ya’ni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyaning 57-moddasida ta’kidlangan norma, ya’ni nogironligi bo‘lgan, xususan ko‘zi ojiz shaxslarning huquqlari davlat tomonidan to‘la kafolatlangani hamda ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyati mavjudligini ifodasi ekanligi ta’kidlandi.

Professor N.Azizov “Konstitutsiyaviy islohotlar va ijtimoiy davlat qurish” mavzusida ma’ruza qilib, o‘z so‘zida, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishi, tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilangani, ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanayotganini ta’kidladi.

Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar ko‘paytirilgani, xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanmoqda. Ushbu normaning amal qilishihar bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ma’lumot uchun: o‘tgan yili mamlakatimizda 50 ming oila uchun yangi kvartiralarolishga sharoit yaratib berilgan bo‘lsa,bu yil 90 ming oilani uy-joyli qilish marrasi olingan. Yaqin 2-3 yilda esa bu raqamni 200 mingga yetkazish ustida ishlanmoqda. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzdauy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.

Ma’lumot uchun:joriy yilda “Kafolatlangan xizmatlar paketi” qayta ko‘rib chiqilib, unda 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha diagnostika, davolash va profilaktika xizmatlari hajmi to‘liq qamrab olinadi. Ko‘p uchraydigan 20 turdagi kasalliklar bo‘yicha birlamchi bo‘g‘indagi bepul analiz turlari – 15 tadan 25 tagacha, tekshiruvlar – 10 tadan 20 tagacha, dorilar – 64 tadan 90 taga oshiriladi.

Tushgan savollarga tegishli javoblar berildi. Davra suhbatida 30 ga yaqin kishi ishtirok etdi.


×