The site is running testing mode

Single contact number (+998) 71 2000036; Helpline (+998) 71 2335623

About the scientific-practical conference of the republic on the topic "Constitution of the Republic of Uzbekistan - glorification of human dignity, guarantee of our free and prosperous life"

 

Davlat va jamiyat hayotining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi, inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati vazifasini o‘tovchi Konstitutsiya nafaqat davlatchilikning muhim atributi, balki har bir xalqning milliy g‘ururi va o‘z-o‘zini hurmat qilishidir. O‘zbekiston Konstitutsiyasi ham bundan mustasno emas.

 

O‘zbekistonda har yili dekabr oyining boshida Konstitutsiya dekadasini nishonlash odat tusiga kirgan. Bu yil esa Asosiy qonunimizning 30 yilligini nishonlash konstitutsiyaviy islohotlar arafasida o‘tmoqda. Konstitutsiyaning 76 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, asosiy qonunga 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bobni kiritish rejalashtirilgan. Loyihada fuqarolar tomonidan taqdim etilgan 160 mingga yaqin takliflar inobatga olingan.

 

2022 yil 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan o‘tgan yillar mobaynida Asosiy qonunimizning bosib o‘tgan yo‘li xususida fikr almashish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulug‘lash, erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

 

    

 

Konferensiya doirasida yalpi majlis va bir necha sho‘balardan iborat yig‘ilishlar o‘tkazildi. Yalpi majlisda ma’ruza bilan:

Toshkent davlat transport universitetidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.A. Gulyamov,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti qoshidagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik A.X. Saidov,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori M.T. Turg‘unov,

Toshkent davlat transport universiteti kafedra mudiri A.A. Dadasheva,

Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi markazi direktori Sh.U.Yakubov,

Davlat va huquq instituti ilmiy xodimlari A.A. Tulyaganov, O. Oqyulov, N. Azizov, bo‘lim boshlig‘i M.X. Baratovlar ishtirok etib, o‘tgan 30 yil mobaynida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarni huquqiy ta’minlashda, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi imijini oshirishda Konstitutsiyaning o‘rni va roliga, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga, ularning mazmun-mohiyatiga to‘xtaldilar.

Muhokamalarda Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi R.T. Xakimov, Toshkent davlat transport universiteti dotsenti B.E. Yuldashevlar qatnashdi.

 

    

 

Konferensiyada Yangi O‘zbekiston sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotini yangi bosqichga ko‘tarishdagi roli, ta’lim tizimida Konstitutsiyani o‘rganishning nazariy va amaliy jihatlari, xalqaro huquq va milliy qonunchilikning o‘zaro ta’siri muammolari muhokama qilindi.

 

Bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini ta’minlash va pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, uning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etishdan iboratligi qayd etildi.

 

Ta’kidlash lozimki, konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori – mamlakatimiz fuqarolaridir. Biroq uning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoevdir. Zero, u so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli, tizimli va shiddatli islohotlarga tayanadi va ularning o‘ziga xos natijasi, demokratik indikatorlaridan biri hisoblanadi. “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli fundamental kitobda xalqimiz irodasi, orzu-umidlari va xohish-irodasini inobatga olib, konstitutsiyaviy islohotning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib berilgan.

 

       

 

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari”,  “Jahon konstitutsiyalari” va besh jildlik “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan, ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, mamlakatimiz Asosiy qonunining 30 yilligini nishonlashga munosib sovg‘a sifatida baholanishi mumkin.

 

Anjuman ishida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilari va talabalari ham ishtirok etdilar.

 

    

 

    


×