2023 yil 10 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Ilmiy tadqiqotning innovatsion usullari” treningi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlarini yozish ko‘nikmalarini shakillantirish.
Tashkilotchi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining Yosh olimlar kengashi raisi tashabbusi bilan bo‘ldi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori yu.f.d., k.i.x. Murod Turg‘unov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
O‘z navbatida institut bo‘lim boshlig‘i Mirodil Baratov “Ilmiy tadqiqotga yo‘l: mavzu tanlashdan – himoyaga qadar” mavzusida ma’ruza qildi. U o‘z nutqi davomida ilmiy-tadqiqot mavzu tanlashdan tortib uni ommaviy himoya qilishga qadar bo‘lgan jarayon, natijalarning keng ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilishi katta bir jarayonligini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida har kimga ilmiy-texnikaviy ijod erkinligi kafolatlangan. Ma’ruzachining ta’kidlashcha, bizning makon va zamonda bu o‘ziga xos uzoq tashkiliy jihatlarni, hujjatbozliklarni, turli-tuman dalolatnomalarni talab qiladi. Ilmiy-tadqiqot nima? U jamiyatga nima beradi? Mualliflik huquqining egasi natijadan qanchalar manfaatdor? kabi savollar ushbu chiqishda muhokamaga tashlanadi.
Institut bo‘lim boshlig‘i Ahror Xudoyberdievning “Tadqiqot ishida dolzarblik, ilmiy yangilik va natijalarni e’lon qilinishini rasmiylashtirish qoidalari” mavzusida so‘zga chiqdi. Taqdimot davomida ilmiy ishning dolzarbligini yozishda ushbu mavzuni xorijiy va milliy tajriba misolida ko‘rib chiqishning zarurligini yoritish kerakligi ta’kidlandi.
Institut doktoranti Shahzoda Rashidova ilmiy maqolalar rasmiylashtirishga qo‘yilayotgan zamonaviy talablar haqida gapirdi. Ushbu ma’ruza ilmiy maqola mavzusining dolzarbligi, muammoni aniqlash, mavjud vaziyatni tavsiflash, muammoni hal qilish yo‘llari va muammoni yechimi bo‘yicha yakuniy xulosalar kabi masalalarni qamrab oldi. Ma’ruza yosh olimlarning ilmiy maqola yozish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.
Tadbir davomida institut Yosh olimlar kengashi raisi Yaroslav Kvitkov “Skopus va boshqa ma’lumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda ilmiy maqolalarni chop etish” mavzusida ma’ruza qildi. Ishtirokchilarga Skopus ma’lumotlar bazasi haqida, xususan, ma’lumotlar bazasiga kirishning amaldagi tartibi, uning ishlash tamoyillari, undagi nashrlar va mualliflarni izlash haqida kerakli ma’lumotlar berib o‘tdi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari Skopus ma’lumotlar bazasiga kiritilgan ilmiy jurnallarning ilmiy maqolalarga qo‘yiladigan talablari bilan tanishtirildi.
Davlat va huquq instituti tayanch doktorant Yulduz Raxmatova “Ilmiy startap loyihalar yaratish va yutib olishning samarali yo‘llari” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimot davomida Startap loyihalar turlari, loyiha davomida duch keladigan muammolar va ularning yechimlari haqida ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, ilmiy startap loyihalarni ishlab chiqish va davlat granti yutib olish uchun foydali tavsiyalar berildi.
Seminar-trening yakunida institut direktori yu.f.d. k.i.x Murod Turg‘unov tomonidan ma’ruzalarga yakun yasab muhokamaga o‘tdi, unda ishtirokchilar ilmiy-tadqiqot ishlarining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Mazkur tadbir institut “Yosh olimlar kengashi” a’zolarining ilmiy-tahliliy qobiliyatlarini yuksaltirishga katta hissa qo‘shdi.
Tadbir yakunida Yosh olimlari uchun kelgusida ilmiy tadqiqotlar olib borishda dolzarb masalalar borasida taqlif va tavsiyalar ishlab chiqildi.