2026-yil 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida “Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida O‘zbekiston hududida davlat va huquq” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida tashkil etilgan mazkur ilmiy anjuman O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquq tizimining tarixiy shakllanishi, rivojlanish bosqichlari hamda Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davridagi davlat boshqaruvi va huquqiy munosabatlarni ilmiy jihatdan o‘rganishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Samarqand, Termiz va Namangan davlat universitetlarining yuridik fakultetlari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, shuningdek, boshqa ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
Konferensiyani Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, akademik, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Sayidov hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov kirish so‘zlari bilan ochib berdilar.
Anjumanda O‘zbekiston davlatchiligi va huquqining tarixiy taraqqiyoti, mustamlakachilik davridagi boshqaruv tizimi, sud-huquq munosabatlari hamda milliy davlatchilik an’analarining o‘ziga xos xususiyatlariga oid ilmiy masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘o n qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov “Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatining mohiyati va uning O‘zbekiston davlatchiligi va huquqiga ta’siri” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti dekani, siyosiy fanlar doktori, professor Alisher Mo‘minov “Yangi davrda O‘zbekiston davlati va huquqini o‘rganishning o‘ziga xos jihatlari” mavzusidagi ilmiy qarashlarini bayon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Nig‘monjon Azizov esa “Yangi davrda Buxoro amirligi davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar” mavzusida ma’ruza qilib, Buxoro amirligining davlat boshqaruvi tizimidagi tarixiy o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.
Konferensiya FL-9524115130-sonli “O‘zbekiston hududida davlat va huquqning genezisi, evolyutsiyasi va istiqbollari” mavzusidagi fundamental ilmiy-tadqiqot loyihasi doirasida tashkil etildi.
Mazkur loyiha 2025-yil 1-apreldan 2029-yil 31-martga qadar amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquq tizimining shakllanishi, tarixiy rivojlanish bosqichlari hamda istiqbollarini kompleks ilmiy tadqiq etishdan iborat.
Loyihaning ikkinchi yilida Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida O‘zbekiston hududidagi davlat va huquq tizimi, Turkiston o‘lkasi, Buxoro amirligi va Xiva xonliklarining davlatchilik tuzilmalari, boshqaruv va sud organlari faoliyatini chuqur o‘rganish nazarda tutilgan.
Konferensiya davomida tarixiy-huquqiy tadqiqotlarning dolzarb masalalari, davlat va huquq tarixini o‘rganishda zamonaviy ilmiy yondashuvlarning ahamiyati hamda fanlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Anjumanning bahs-munozaralar qismida Husan Chinnibayev va Elmira Qurbonova ishtirokida mavzuga oid masalalar, ilmiy takliflar va tavsiyalar muhokama etildi.
Mazkur respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi O‘zbekiston davlatchiligi va huquqi tarixini chuqur o‘rganish, tarixiy-huquqiy merosni ilmiy jihatdan tahlil qilish, tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy tadbir bo‘ldi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar tomonidan tarixiy-huquqiy tadqiqotlarni izchil davom ettirish, ilmiy izlanishlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish va mazkur yo‘nalishdagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
