2026-yil 26-noyabr kuni Abu Rayhon Beruniy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Abu Rayhon Beruniy universiteti hamkorligida “Konstitutsionalizm konsepsiyasi: zamonaviy talqinlar va milliy model” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanga O‘zbekiston Respublikasining yetakchi olimlari, davlat va jamoat tashkilotlari, sud, prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalarining yetakchi mutaxassislari taklif etilgan.
Anjumanning ochilish qismida dasturga muvofiq quyidagi rahbar va olimlarning kirish so‘zlari o‘rin olgan:
Akmal Xolmatovich Saidov – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik;
Mirzayusup Xakimovich Rustambayev – O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i, polkovnik, yuridik fanlar doktori, professor;
Murodjon Tursunbayevich Turg‘unov – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor;
Aqida Abdujabborovna Dadasheva – Abu Rayhon Beruniy universiteti rektori, yuridik fanlar doktori, professor.
Anjumanning asosiy maqsadi globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari kuchayib borayotgan sharoitda yurisprudensiyaning rivojlanishiga oid zamonaviy va kreativ yondashuvlarni o‘rganish, konstitutsiyaviy islohotlarning ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini muhokama qilish, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Anjuman doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda:
Konstitutsiya ustunligi va inson huquqlarining kafolatlari;
Konstitutsiyaviy islohotlar va milliy huquq tizimining rivojlanishi;
Konstitutsiyaviy qadriyatlar va fuqarolik jamiyatining siyosiy-huquqiy madaniyati;
Jamoat xavfsizligini ta’minlash va shaxs erkinligi o‘rtasidagi konstitutsiyaviy muvozanat;
Inson qadri va konstitutsiyaviy huquqlarni himoya qilish;
Yuridik ta’lim sifatini oshirish va malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash istiqbollari.
Anjuman dasturida Davlat va huquq instituti rahbariyatining ishtirokiga alohida o‘rin ajratilgan. Institut direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov O‘zbekistonda yuridik fanlarning rivojlanishiga bag‘ishlangan sho‘bada, institut direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannob Tulyaganov esa “Konstitutsiya – inson qadri uchun” mavzusidagi sho‘bada moderator sifatida ishtirok etishi belgilangan.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman konstitutsionalizmning zamonaviy konsepsiyalarini chuqur o‘rganish, milliy huquq tizimini takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda yuridik fan va ta’limni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni vaqtda anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda.

