The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

“O‘zbekiston va Rossiya yuristlarining xalqaro-huquqiy hamkorligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toskentdagi filialida 2026-yil 28-sentabr 14:30 da “O‘zbekiston va Rossiya yuristlarining xalqaro-huquqiy hamkorligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti tomonidan tashkil etildi. Unda ikki mamlakatning taniqli huquqshunos olimlari, xalqaro huquq bo‘yicha ekspertlar va akademik hamjamiyat vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanayotgan bir sharoitda o‘tkazilayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. 2026-yildagi oliy darajadagi muloqotlarda ham ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, amaliy aloqalarni kengaytirish hamda erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston va Rossiya yuristlari o‘rtasidagi professional va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro va milliy huquqning dolzarb masalalarini muhokama qilish, huquqiy tartibga solish va huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha tajriba almashish hamda o‘zaro manfaatli huquqiy masalalar yuzasidan qo‘shma yondashuvlarni shakllantirishdan iborat.

Anjumanda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, Rossiya TIV MGIMO Xalqaro-huquq fakulteti dekani Nikita Yuryevich Malchakov, xalqaro huquq professori, Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Baxtiyar Raisovich Tuzmuhamedov ma’ruza qildi.

Tadbirni Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Konferensiya yakunida ochiq munozara, savol-javoblar va bildirilgan takliflar umumlashtirildi. Ushbu ilmiy muloqot ikki mamlakat yuridik hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va huquqiy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun muhim ekspert maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.






×