IIV Qashqadaryo akademik litseyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining «Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba» mavzusida soha mutaxassislariga maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Bosh prokuror, Fanlar akademiyasi, Huquqni muhofaza qiluvchi Akademiyasi va IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, viloyat prokuraturasi, Ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.

O‘quv kursida «Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba» mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshevlarning videomurojaatlari tinglandi.
So‘ngra ishtirokchilarga «Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar», «Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati», «Qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar», «Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokoli. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot», «Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati», «Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar» mavzularida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi va IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.

Ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim va tajribalarini boyitish maqsadida amaliy mashg‘ulotlar o‘tildi.
Maxsus o‘quv kursi mashg‘ulotlari davom etmoqda.

