The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Ilmiy-ma’rifiy seminar

2026-yil 6-aprelda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 16.02.2026-yildagi PF–21-son Farmoni mazmun-mohiyati”ga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatini markaz direktori, akademik A.Saidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ko‘lami va istiqbollari xususida so‘z yuritdi.

Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unov kun mavzusida – “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 16.02.2026-yildagi PF–21-son Farmoni mazmun-mohiyati” xususida ma’ruza qildi.

Ma’ruza davomida mazkur hujjat yaratilishida mamlakatimiz aholisi, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokiga urg‘u berildi. Darhaqiqiat, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yanada takomillashtirish hamda katta marralarni belgilash bo‘yicha keng ko‘lamda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflardan kelib chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining hozirgi umumjahon tendensiyalari, global o‘zgarishlar va yangi chaqiriqlarga uyg‘unligini ta’minlash nazarda tutilganligi qayd etildi.

Muhtaram Prezidentimiz qayd etganidek,    “Bugungi kunda jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranishlar, sanoat va texnologiyalarning keskin rivojlanishi, energiya bozorlaridagi transformatsiya, global ta’minot zanjirlarining qayta shakllanishi O‘zbekistondan ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda “maqsad – harakat – natija” zanjiriga asoslangan mutlaqo yangi strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etilgani “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangi talablar asosida takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda”.

Davra suhbatida so‘zga chiqqan Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d, prof. M.X.Baratov 100 ta maqsad 437 ta chora-tadbirdan iborat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishiga urg‘u berdi.

Uchrashuvda, ayniqsa, “Davlat xizmatlarini raqamlashtirishning ko‘lamini kengaytirish orqali aholi uchun “Servis davlat” tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish (77-maqsad), “Norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish” (80-maqsad), “O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish” (58-maqsad), “Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish” (93-maqsad) kabilar va ularning  asosiy/ustuvor samaradorlik ko‘rsatkichi tilga olindi.

Milliy markaz, Davlat va huquq instituti hamda Bosh prokuratura Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari, tadqiqotchilari ishtirok etgan, onlayn va offlayn tarzida qiziqarli kechgan davra suhbatini muntazam davom ettirishga kelishib olindi.


×