30 mart kuni Buxoro Davlat universitetida shu mavzuda muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Fanlar Akademiyasining Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Muloqotga Buxoro Davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor O.Hamidov moderatorlik qildi.
Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Tillaboev, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor M.Mamasidiqov, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent F.Hayitboev so‘zga chiqdilar.
Tadbirda, ayni vaqtda hal qiluvchi bosqichga kirgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat, millat va xalq sifatida yaqin va uzoq istiqbolini aniqlab olish uchun g‘oyat ahamiyatli, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamekanligi hamda yangi Konstitutsiya loyihasida yoshlar masalasiga oid normalar alohida bobda o‘z ifodasini topayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yana bir muhim jihat: Konstitutsiya loyihasida shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari yangicha mezon bo‘yicha, ya’ni “inson – jamiyat – davlat” tamoyili negizida o‘rnatilayotganligi hamda shu asosda davlat hokimiyatining tuzilishi, uning sub’ektlari va hokimiyatni amalga oshirish mexanizmlari belgilanganligi, jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari mustahkamlanayotganligi haqida fikr yuritildi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, 200 ga yaqin talaba-yoshlarning barcha savollariga javob berildi.