The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O‘quv seminari lokatsiyasida – doktorlik dissertatsiyasi muhokamasi


2026-yil 30-oktabr kuni Davlat va huquq instituti o‘quv seminari doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti mustaqil  izlanuvchisi Shirinov Jahongir Jabbarovichning 12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi ixtisosligi doirasida yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan “O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari” mavzusidagi yuridik fanlar doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyasi muhokamasi o‘tkazildi. Ilmiy debatda institut xodimlari, tadqiqotchilar, yoshlar ishtirok etdi.

O‘quv seminarni rais M.Turg‘unov olib bordi. Qayd etilganidek, dissertatsiya qo‘lyozmasi hajman – 336 bet, avtoreferati 70 betni tashkil etadi.

Ilmiy rahbar – akademik A.Saidov, rasmiy opponentlar – yu.f.d., prof. A.Tursunov, yu.f.d., prof. Z.Ro‘ziev, yu.f.d. F.O‘runovlar.

Mazkur muhokamada taqrizchilar sifatida yu.f.d., prof. A.Tulyaganov, yu.f.d., prof. O.Oqyulovlar qatnashdi.

     Ish yuzasidan asosiy momentlar sifatida quyidagilar qayd etildi.

Tadqiqot mavzusining dolzarbligi yuzasidan:

Mazkur dissertatsiya fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, ularning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarini takomillashtirish hamda faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish bilan bog‘liq dolzarb masalalarga bag‘ishlangan. Ayniqsa, ushbu tashkilotlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishning huquqiy chegaralarini belgilash va qo‘llaniladigan majburlov choralarining mutanosibligini ta’minlash masalalari tadqiqotning ahamiyatini oshiradi.

         Tadqiqotning ilmiy yangiligi borasida:

Dissertatsiyaning ilmiy yangiligi nodavlat notijorat tashkilotlari huquq va majburiyatlarining nazariy-huquqiy asoslari tizimli tahlil qilingani, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, davlat nazoratining huquqiy chegaralarini aniqlash hamda tashkilotlar faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqilganida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida tegishli kodeks loyihasining ishlab chiqilgani alohida e’tiborga loyiq.

Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati bobida:

Dissertatsiyada ilgari surilgan nazariy xulosalar konstitutsiyaviy va ma’muriy huquq sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarni boyitishga xizmat qiladi. Amaliy takliflar esa nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, davlat organlari bilan munosabatlarda huquqiy kafolatlarni kuchaytirish va huquqni qo‘llash amaliyotini yaxshilashda foydalanilishi mumkin.

Tadqiqotning asosiy xulosalari. Muallif nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini huquqiy tartibga solishning mavjud muammolarini kompleks o‘rganib, ularning huquqiy maqomi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi, davlat nazorati, ma’muriy majburlov choralari va yuridik javobgarligiga oid ilmiy xulosalarni shakllantirgan. Tadqiqot natijalarining muayyan qismi qonunchilikni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish bilan bog‘liq hujjatlarda o‘z aksini topgani ishning amaliy yo‘naltirilganligini ko‘rsatadi.

Yakunda ijobiy xulosaga kelindi: “O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari” mavzusidagi dissertatsiya dolzarb ilmiy muammoga bag‘ishlangan. Nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan mustaqil ilmiy tadqiqot hisoblanadi. Unda ilgari surilgan xulosa va takliflar nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga muayyan hissa qo‘shadi.

Kun tartibidagi bugungi masala ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchilar tomonidan qator savollar berildi. Muallif o‘z pozitsiyasini himoya qildi. Qonunchilikka takliflarini ilgari surdi.

Qayd etildiki, bugungi seminar qatnashchilar – yosh tadqiqiotchilar uchun foydali, manfaatli va metodolgik ahamiyatga ega bo‘ldi.


×