2023 yil 24 mart Toshkent shahar Shayhontohur tumani “Chaqar” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Shayhontohur tumani bo‘limi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va istiqbollar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishini O‘zFA Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., katta ilmiy xodimi M.T.Turg‘unov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar xususida so‘z yuritdi. Bu borada erishilgan milliy va xorijiy tajribaning ilg‘or xususiyatlari haqida ma’lumotlar berdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi o‘rinbosari A.Xadjibaev kutilayotgan siyosiy jarayonlar, norma ijodkorligi, pirovardida, Xalq Konstitutsiyasi va ijtimoiy davlatga olib borishini qayd etdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarning qiyosiy-huquqiy tahlili (O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. M.X.Baratov), yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning asosiy prinsiplari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendumning mazmun-mohiyatiga (O‘zFA Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., prof. A.Q.Xudoyberdiev) alohida urg‘u berildi. Konstitutsiya paradigmasida “inson – jamiyat – davlat” shakl tobora moddiylashayotgani, bunda inson qadri, insonni e’zozlash – e’tiborimizdagi eng asosiy masala, binobarin, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi qayd etildi.
Anjumanda 50 ga yaqin tuman mahalla faollari ishtirok etdi, kun mavzusi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.