2023 yilning 3 aprel kuni Jizzah shahridagi NNT uyi konferens-zalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” konstitutsiyaviy tamoyili mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshliqlari, yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov va yuridik fanlar doktori, professor A.Xudoyberdiev, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Jizzah viloyati hududiy bo‘linmasi rahbarlari Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirga viloyatdagi faol nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, ommaviy axborot vositalari taklif etildi.
Professor M.Turg‘unov o‘z so‘zida, amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 16 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ekanligi, endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquqlari bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Shuningdek, bir yil oldin e’lon qilingan konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish» deb nomlanganligini, o‘sha paytdagi birinchi bosqichda 60 mingta taklif tushdi va o‘zgarishlar u qadar katta bo‘lmaganini, 150 ming taklif tushgandan so‘ng esa loyiha hajmi ham kengayganini ta’kidladi. Ya’ni taklif qilinayotgan loyihada 128 ta modda 155 taga ko‘paygani, 275 ta me’yor 434 taga oshgani, 91 ta me’yorga fundamental o‘zgartirish kiritilgani hamda fundamental asosiy prinsiplar saqlanib qolgani uchun yangi Konstitutsiya deyish ham bir tomondan noto‘g‘ri ekanligini tushuntirdi. Eng muhimi, inson huquqlari bilan bog‘liq masalalar o‘zgarganini, davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 karra oshganini alohida ta’kidladi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., professor M.Baratov “Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” konstitutsiyaviy tamoyili keng izohlar berib o‘tdi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning IX-bobining 42-44-moddalarida aks etgan o‘zgarishlarga: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi; Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi; Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi” kabi normalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., professor A.Xudoyberdiev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzalardan so‘ng NNTlar tomonidan mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha murojaatlar qilishib, tegishli javoblarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2023 yil 7 fevraldagi 46-son Qarori ijrosi doirasida, Milliy markaz hamda Davlat va huquq instituti tomonidan viloyat Ko‘zi ojizlar jamiyati raisiga Brayl alifbosida chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi taqdim etildi. Tadbirda 50 nafardan ortiq viloyat NNT vakillari ishtirok etdi.