2023 yil 27 mart kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi madaniyat saroyida Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimligi xodimlari, mahalla oqsoqollari va faollari, xokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, adliya vazirligi xodimlari, mahalliy kengash deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti muttaxassislari jami 300 nafardan ortiq ishtirokchilar bilan “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum” mavzusida huquqiy targ‘ibot o‘tkazildi.
Targ‘ibotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori yu.f.d. M.T. Turg‘unov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonuni”ning mazmun-mohiyati va yangi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha qoidalar va ularga amal qilisho‘ xolatini yangi tartibda belgilanayotganligi va insonlarga qanday imkoniyatlar yaratilganligi xususida nutq so‘zladi.
Shuningdek, Davlat va huquq instituti ma’muriy-huquqiy, jinoiy-huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i yu.f.d. prof. A.Q.Xudoyberdiev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 26, 27, 28 moddalari mazmunini tushuntirib berdi. Ma’ruza davomida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqlarga ega ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi va boshqa masalalar ta’kidlab o‘tildi.
Davra suhbati davomida Zangiota tumani hokimligi xodimlari, mahalla oqsoqollari va faollari, xokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, adliya vazirligi xodimlari va mahalliy kengash deputatlari kun mavzusi yuzasidan savol javoblarda faol qatnashib o‘z munosabatini bildirdi.