The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi: Referendum va milliy konstitutsiyalarning roli va ahamiyati

2023 yil 25 aprel kuni Toshkent shahridagi “Frankfort” mehmonxonasida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi: Referendum va milliy konstitutsiyalarning roli va ahamiyati” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro Forum bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro tadbir onlayn va oflayn formatida, O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma (Germaniya) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi a’zolari, Oliy Majlisi senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va akademik hamjamiyat, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Mazkur davra suhbatida FA Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. M.Turg‘unov so‘zga chiqib, undan ko‘zlangan maqsadlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish, “inson - jamiyat – davlat” tamoyillarini hayotga tatbiq etish borasida Markaziy Osiyo davlatlarining tajribasini muhokama qilish; Barqaror rivojlanish maqsadlarini Markaziy Osiyo davlatlari konstitutsiyalarida aks ettirilishini qiyosiy tahlil etish; Barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga erishishda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining samarali hamkorligini ta’minlash; Keng xalqaro jamoatchilikni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va bo‘lajak referendumga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishtirishdan iborat, deb ta’kidladi.

Forum ishi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda 2023 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosi, barqaror rivojlanishga erishishda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi, konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarning rivojlanishi hamda BRMga erishishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik ishtirokining sa’y-harakatlari va imkoniyatlarini birlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Qayd etish lozimki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyusiya bir ovozdan ma’qullangandi.

2022 yil 29 dekabrda esa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining mazkur rezolyusiyani amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma qarori qabul qilindi. Qo‘shma qaror bilan 13 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Forumda so‘z olgan notiqlar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilgani, sohada parlament nazorati o‘rnatilgani, xususan, milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzilgani va uning faoliyatiga to‘xtalib o‘tdilar.

Xususan, o‘tgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan 10 ta milliy maqsad va uning 51 ta vazifasi hamda 81 ta indikatori bo‘yicha hududlarda barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning bajarilishi holati o‘rganilganligi va o‘rganish yakuni yuzasidan Parlament komissiyasi majlislarida 28 nafar vazirlik va idora, shu jumladan Muvofiqlashtiruvchi kengash rahbarining axboroti eshitilib, tegishli qarorlar qabul qilinganligi ta’kidlandi.

Ma’ruza va muhokamalar mobaynida ekspertlar tomonidan davlatimiz rahbari so‘nggi yetti yil ichida BMT Bosh Assambleyalarida umumbashariy muammolar yechimiga oid 10 dan ziyod tashabbuslar bilan chiqqani va eng muhimi mazkur tashabbuslarning barchasi Bosh Assambleyasi tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi va tegishli rezolyusiyalar qabul qilinganligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, forum ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari BRMga erishishdagi tajribasi va yutuqlariga ham e’tibor qaratildi.

Jumladan, Qozog‘iston Respublikasidagi xorijiy hamkorlar tomonidan BRMga erishish uchun insonparvar davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya masalasi batafsil yoritildi. Markaziy Osiyoda konstitutsiyaviy o‘ziga xoslik va konstitutsiyaviy-huquqiy plyuralizm masalasi Tojikiston Respublikasi misolida ko‘rib o‘tildi. Fuqarolik jamiyatini BRMga erishish jarayonlariga jalb qilish va ixtiyoriy fuqarolik sharhlarini tayyorlashning dolzarb masalalari doirasida qo‘shni Qirg‘iziston tajribasi bo‘yicha fikr almashinildi. Shuningdek, Turkmanistonda BRMga erishish uchun konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tendensiyalar va rivojlanish istiqbollari masalasi ham ko‘rib o‘tildi.
Forumning ikkinchi qismida insonning ekologik huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirdagi loyihasida ekologik normalarning aks etishi, qolaversa, ekologik konstitutsionalizmda Yevropa Ittifoqi tajribasi masalalari xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama etildi.

Ma’ruzachilar barqaror rivojlanish uchun suv resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, mavjudlarini esa sanitariya holatini yaxshilashni ta’minlash (6-maqsad), iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi shoshilinch choralar ko‘rish (13-maqsad), yer ekotizimlarini himoya qilish hamda tiklash va ulardan oqilona foydalanish, o‘rmonlarni barqaror boshqarish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning degradatsiyaga uchrashi va biologik xilma-xillikni qisqarishi jarayonini kamaytirishga erishish (15-maqsad) yo‘nalishlari bo‘yicha dunyo tajribasida kuzatilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

Onlayn va oflayn formatida tashkil etilgan forumda 200 nafardan ortiq mamlakatimiz va xorijlik mutaxassislar ishtirok etdi. Uning yakunida ekspertlar tomonidan berilgan takliflar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.


×