2023 yil 3-aprelda umumxalq referendumi kun tartibiga kiritilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini ochib berishga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida bugun Farg‘ona davlat universitetida “Konstitutsiyada inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” mavzusida kengaytirilgan davra suhbati tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy Assotsiatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida tashkil etilgan ushbu muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshliqlari, yuridik fanlar doktori, professor Ahror Xudoyberdiev va yuridik fanlar doktori, professor Mirodil Baratov inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr qimmati - oliy qadriyat ekanligi, mamlakatimizda insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati inson manfaatlariga qaratilganligini ta’kidladilar.
Tadbirda FarDU jamoasi va talaba-yoshlari ma’ruzachilar bilan o‘zaro muloqotga kirishar ekanlar, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: uning mohiyati va tartib-taomillar xususida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shu bilan birga, professor M.Turg‘unov fuqarolarning burchlariga kiritilayotgan yangiliklarga to‘xtalib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 61 va 63-moddlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ta’kidlab o‘tdi: “Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, hamda “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”.
Munozaralar davomida ishtirokchilarning yangilanayotgan bosh qomusimiz yangi tahriri to‘g‘risidagi fikrlari tinglandi va ular ishtirokida “Konstitutsiya loyihasini qo‘llaymiz” aksiyasi ham o‘tkazildi.
Bunda jamoa “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki!” shiori bilan chiqib, huquqiy o‘zgarishlarga o‘z munosabatlarini bildirdilar. Anjumanda 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.