2023 yilning 12 aprel sanasida Toshkentda “Konstitutsiyaviy islohotlar: O‘zbekiston va Pokiston tajribasi” mavzusiga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Pokiston davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir of-layn va on-layn shaklida tashkil etilgan bo‘lib, unda Davlat va huquq instituti ilmiy jamoasi, Pokiston parlamenti a’zolari, ekspertlari hamda O‘zbekiston NNT vakillari va huquqshunos olimlari ishtirok ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston FA davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d., prof. Murodjon Turg‘unov (Samarqand Davlat universiteti majlislar zalidan turib, onlay tizim orqali) ochib berdi. U o‘z so‘zida, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berdi. Konstitutsiyaning bu matni mutaxassislar tomonidan dastlabki bosqichda xalqning fikri, takliflari asosida Konstitutsiya loyihasi tayyorlanganini alohida ta’kidlab, birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun fuqarolar 60 mingdan ziyod taklif berishgani, ikkinchi bosqichda esa Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasi davom etganini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda kelib tushgan 200 mingdan ortiq takliflar, ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 190 dan ortiq davlatlar tajribasi o‘rganilgani, loyiha 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilganini qayd etdi.
Davra suhbatida ishtirok etgan Pokiston gazetalari bosh muharrirlari kengashi vitse-prezidenti Tohir Farrux “Pokistonda konstitutsiyaviy islohotlar: asosiy tendensiyalar va rivojlanish istiqbollari” ma’ruzasi bilan ishtirok etib jumladan qo‘yidagilarni ma’lum qildi: “O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan ushbu O‘zbekiston-Pokiston onlayn davra suhbatida ishtirok etishdan bag‘oyat mamnunman. Yurtingizga ko‘p marotaba tashrif buyurish, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi jadal taraqqiyot natijalarini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lganimdan baxtiyorman. Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan tashabbus va islohotlar O‘zbekistonning obod, barqaror mamlakat sifatida taraqqiy ettirishda o‘z samarasini bermoqda.
So‘nggi 50 yil ichida Pokistonning 1973 yilgi Konstitutsiyasiga 23 marta o‘zgartirishlar kiritildi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki har qanday davlatning konstitutsiyasi dinamik hujjatdir va o‘zgaruvchan talablarga javoban tuzatishlar kiritiladi. Boshqa davlatlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Pokiston bilan bir vaqtda mustaqillikka erishgan Hindiston o‘z konstitutsiyasiga 105 marta o‘zgartirishlar kiritgan”.
Tadbir mobayninda milliy va xorijiy ma’ruzachilar aholining saylov madaniyatini yuksaltirish va konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishning o‘ziga xos ahamiyati bo‘yicha fikr almashdilar.
Darhaqiqat, bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Zero, fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir.
Jumladan, pokistonlik ekspertlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalarning aksariyati insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan ekaniga alohida urg‘u berib o‘tdilar.
Tadbir yakunida ekspertlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirdilar.