The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Ma’muriy islohotlarning  konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash

2023 yilning 3 aprel kuni Guliston shahridagi NNT uyi konferens-zalida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Ma’muriy islohotlarning  konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turg‘unov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti  bo‘lim boshliqlari, yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov va yuridik fanlar doktori, professor A.Xudoyberdiev, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlar berildi.

Tadbirga viloyatdagi faol nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, ommaviy axborot vositalari taklif etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., professor M.Baratov Ma’muriy islohotlarning konstitutsiyaviy - huquqiy asoslarini mustahkamlash mavzusida taqdimot ko‘rinishida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha ma’lumot berdi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 115-moddasida aks etgan o‘zgarishlarga: - samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va byudjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘lishi; - barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rishi; - aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashi; - yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘rishi; - fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlashi; - ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishi kabi normalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yu.f.d., professor A.Xudoyberdiev “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” mavzusida ma’ruza qildi. Shu bilan birga, amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 16 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani, ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ekanligi, endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquqlari bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya Xalq Konstitutsiyasi deyilishiga izoh berib, “Odatda qandaydir qonun loyihasini davlat organlari ishlab chiqib, keyin muhokamaga qo‘yiladi. Bu safar birinchi marta avval fuqarolar taklifi olinib, keyin qonun loyihasi shakllantirildi. Muhokamadan keyingi takliflar asosida yana qayta tahrir qilindi. Unda aynan fuqarolarni qiynayotgan ko‘plab masalalar o‘z aksini topdi. Fuqarolar tomonidan huquqiy asosli aniq taklif qilib berilmagan g‘oyalar ham mutaxassislar tomonidan takomillashtirilib kiritilmoqda. Umumiy jarayonda 5 mlnga yaqin fuqaro qatnashdi”, deb ta’kidladi.

Ma’ruzachilar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning eng ahamiyatli tomonlari haqida keng ma’lumotlar berildi va ma’ruzalardan so‘ng NNTlar tomonidan mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha murojaatlar qilishib, tegishli javoblarga ega bo‘lishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2023 yil 7 fevraldagi 46-son Qarori ijrosi doirasida, Milliy markaz hamda Davlat va huquq instituti tomonidan viloyat Ko‘zi ojizlar jamiyati raisiga Brayl alifbosida  chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi taqdim etildi.

Tadbirda 30 nafardan ortiq viloyat NNT vakillari ishtirok etdi.

O‘zFA Davlat va huquq institute

matbuot xizmati


×