Joriy yilning 28 mart kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida uchrashuv tashkil etildi.
Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda talabalar qatnashgan ushbu tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va bo‘lajak referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ijrosi haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, yangilanayotgan Konstitutsiyada uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat yoki nodavlat ta’lim tashkiloti ekanligidan qat’i nazar, davlat tomonidan ularning rivoji ta’minlanadi. Bundan tashqari, davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim esa majburiy etib belgilanishi yoshlarning ta’lim olishlari muhimligini ko‘rsatadi.
Aytish kerakki, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi, ularning jamiyatda to‘laqonli a’zo sifatida voyaga yetishiga xizmat qiladi va Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmaslik” prinsipiga muvofiqdir.
Bundan tashqari, oliy ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilyapti. Bilim dargohlarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlari ham oshib boryapti. Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Aholi fikrini o‘rgangan holda sirtqi va kechki ta’lim shakllari qayta tiklandi, qabul kvotalari yildan-yilga oshirilyapti.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muhim jihatlaridan biri shuki, “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli” normasining kiritilishi oliy ta’lim muassasalarida davlat grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi. Asosiysi, buning barchasi ta’lim tizimi umummilliy harakatga aylanganini yaqqol aks ettiradi.
Tadbirda O‘zMUning 100 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etib, ta’lim sohasiga oid boshqa yangiliklar haqida ham ma’lumotlar berildi. Tadbir sho‘balarga bo‘lingan holda ham tashkil etildi.