The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

“Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi” mavzusidagi ilmiy seminar

 

Joriy yilning 20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining tashabbusi bilan “Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, IIV akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari, Barqaror rivojlanish markazi xodimlari, Davlat va huquq instituti jamoasi ishtirok etdi.

Seminarni Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘anov kirish so‘zi bilan ochib berdi. M.Turg‘unov o‘z so‘zida 1989 yil 21 oktyabrda «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinganligi, bugungi kunda dunyo tillarining soni 7 mingdan oshishi, mazkur tillarning 14 tasida insoniyatning uchdan ikki qismi gaplashayotganligi, ushbu tillarning har birida so‘zlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyodligi, 200 ga tillar davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega ekanligi, shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab berilgan qonun va 21 oktyabr sanasi xalqimiz hayotida beqiyos o‘ringa ega ekanligini ta’kidladi.

Institut direktori o‘rinbosari yuridik fanlar doktori, professor A.Tulyaganov dunyo miqyosida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni tobora ortib borayotganligi, dunyoning 100 dan ziyod universitetlarida o‘zbek tili fan sifatida o‘qitilayotganligi barchamizga faxr va iftixor bag‘ishlashini qayd etib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarixchi adiba Shahodat Isaxonova o‘zbek tilining tarixan shakllanish bosqichlari haqida ma’lumotlar berib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lganligini uqtirdi. Shuningdek, davra suhbatida adiba o‘z she’rlaridan tadbir ishtirokchilariga o‘qib eshittirdi.

Institut bo‘lim boshlig‘i yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov o‘z ma’ruzasida o‘zbek tilining maqomini mustahkamlash borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar haqida fikrlar bildirib, jamiyatda щzbek tiliga nisbatan hurmatni yanada oshirish, bu borada milliy qonunchilikdagi talablarni yanada kuchaytirish zarurligi haqida takliflar bildirdi.

Seminar doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Gulbahor Jumaeva bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shoira o‘zbek tilining hayotimizda tutgan o‘rni juda muhim ekanligini ta’kidlab, o‘z ijodidan namunalar keltirdi.

Ilmiy seminar yakunida davlat tilining maqomini yanada mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

Davlat va huquq instituti

Matbuot xizmati


×