The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O‘zbekiston – BMT: hamkorlik istiqbollari

2025-yil 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topganining 80 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston – BMT: hamkorlik istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o’tkazildi.

Anjuman davomida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi 33 yillik hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konferensiyada oliy yuridik ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Dastavval Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidov videomurojaat orqali konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, Yangi O‘zbekistonda BMT doirasida inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanishini ta’kidladi. O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda milliy davlatchilik, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga hurmat tamoyillarini ta’minlashning mustahkam poydevori barpo etildi.

Ma’lumki, joriy yil mart oyida BMT 80 tashabbusi ishga tushdi. Ayni tashabbus BMT faoliyatini tubdan o‘zgartirish – samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vakolatlarni bajarish tartibini qayta ko‘rib chiqish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimidagi ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar hamda dasturlarni qayta tuzishga qaratilgan.

So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda BMT-Ayollar tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda.

O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasi qator maxsus rezolyutsiyalarining qabul qilinishida namoyon bo‘ldi. Jumladan, qisqa davrda: “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Xulosa o‘rnida aytganda, uzoq muddatli tinchlikning faol tarafdori va hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O‘zbekiston bundan buyon ham BMT va unga a‘zo davlatlar bilan hamkorlikka katta e‘tibor qaratadi. Bunda BMT rahbariyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirish mumkin. Zero, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar BMT global maqsadlari, shu jumladan, sayyoramizda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Anjumanda BMTning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qabul qilingan muhim hujjatlari, BMT va O‘zbekiston Respublikasi munosabatlari: tashabbuslar va istiqbollar, iqlim o‘zgarishlari sharoitida suv resurslaridan foydalanish va boshqarishni takomillashtirish: xalqaro va milliy tajriba, kasaba uyushmalariga uyushish huquqi va uni amalga oshirish: milliy va xalqaro tajriba mavzularida ma’ruzalar tingladi.

Yakunda O’zbekiston – BMT hamkorligiga doir qator taklif-tavsiyalar bildirildi.
   

   

   


×