Joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti va Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali bilan birgalikda “O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qo‘shilganining 32 yilligiga bag‘ishlandi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – talabalarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy faoliyati, uning tuzilishi va vazifalari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining umumbashariy xalqaro davlatlar tashkiloti sifatida shakllanish tarixi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish, ushbu xalqaro tashkilot va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorligi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida bilimlarni chuqurlashtirishdan iborat.
Davra suhbati doirasida quyidagi ma’ruzachilar: Shavkat Rahmatullaev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti ilmiy kotibi, O‘zbekiston tarixchilar jamiyati raisining o‘rinbosari – «Birlashgan Millatlar tashkilotining yaratilish tarixi» mavzusida, Ravshan Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi – «Birlashgan Millatlar tashkilotining asosiy organlari» mavzusida, Yaroslav Kvitkov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi – «O‘zbekiston bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari sohasidagi hamkorligi» mavzusida ma’ruza o‘qishdi.
Tadbir yakunida mavzuga oid masalalar doirasida munozaralar bo‘lib o‘tdi. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali bakalavriat talabalari ishtirokida BMT faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilindi, talabalar tomonidan qo‘shimcha savollar berildi.