The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlari ijobiy baholandi

Toshkentda “O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston hukumati tomonidan Jahon savdo tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.

Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Iveala xonimning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan anjuman O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonidagi muhim bosqich hisoblanadi.

Tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yetti yilda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar samaralari va bu boradagi rivojlanishni tezlashtirish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan rejalar hamda JSTga a’zo bo‘lish jarayoni muhokama qilindi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori doktor Ngozi Okonjo-Iveala  va O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev so‘zga chiqdi.

Saida Mirziyoyeva o‘z chiqishida ta’kidlab o‘tganidek, “Prezident Shavkat Mirziyoyev qator davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlarini bekor qiluvchi farmonni imzoladi. Zero, ushbu ko‘p yillik muammo aksariyat davlat korxonalarining bozor iqtisodiyotiga o‘tish imkonini, pirovardida esa xususiy sektor uchun teng imkoniyatlarni cheklab kelgan.

Prezident yordamchisi, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish borasidagi qat’iy niyatini yana bir bor tasdiqladi va bu maqsadga erishish uchun qo‘yiladigan qadamlarni sanab o‘tdi:

– Asosiy maqsadimiz daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga qo‘shilish, – dedi Saida Mirziyoyeva. – Bu aholi farovonligini barqaror iqtisodiy o‘sish hisobiga oshirishni nazarda tutadi. 2030 yilga kelib mamlakat YAIMni ikki barobar oshirish, kambag‘allik darajasini 7 foizga tushirish niyatidamiz.

JST Bosh direktori O‘zbekiston tomonidan iqtisodiy muhitni yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan salmoqli sa’y-harakatlarni qayd etib, JSTga a’zo bo‘lish jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv yo‘lida muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Respublikamiz iqtisodiy islohotlar va milliy qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirish borasida muayyan natijalarga erishayotgani e’tirof etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston JST kelishuvlariga muvofiq, 30 ta normativ hujjat qabul qildi, 14 davlat bilan ikki tomonlama muzokarani yakunladi. Ushbu islohotlar mamlakatimizni global qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiya qilish, tashqi bozorni kengaytirish, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish orqali aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Bu jarayonda JSTga a’zo bo‘lish muhim ahamiyat kasb etib, xalqaro savdo munosabatlarini yaxshilashga ko‘maklashadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2024 yil 24 may kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 8-yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirokida JSTning barcha a’zo davlatlari bilan kelishilgan Ishchi guruh hisoboti loyihasi elementlari muhokama qilindi. JST kelishuvlariga milliy qonunchilikni muvofiqlashtirish bo‘yicha islohotlar taqdim etildi, ilk bor qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘p tomonlama muhokama o‘tkazildi.

Konferensiya doirasida panel sessiyalari ham bo‘lib o‘tdi. Sessiyalarda parlament a’zolari, vazirlik, idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Birinchi sessiyada 2017-2023 yillar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar va 2030 yilgacha bo‘lgan Yangi O‘zbekiston strategiyasida ko‘zda tutilgan keyingi chora-tadbirlar tahliliy muhokama qilindi. Xalqaro savdo tizimi, jumladan JSTga integratsiya jarayonining ahamiyati ta’kidlandi.

Sessiyada Prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova va Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili KobaGvenetadze ishtirok etdi.

Ikkinchi sessiyada milliy qonunchilikni JST kelishuvlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar muhokama qilindi. Mutaxassislar qonunchilik hujjatlari qabul qilingani, bojxona tartibini soddalashtirish va tezlashtirishda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz bergani, oziq-ovqat xavfsizligi va texnik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro standartlarni qonunchilikka joriy qilinayotgani qayd etildi.

Xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ijobiy tendensiyasini e’tirof etib, O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlarga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

– O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish borasida olib borayotgan tizimli harakatlarini ijobiy baholash mumkin, – dedi Xalqaro valyuta jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakili KobaGvenetadze. – Oxirgi yetti yil mobaynida mamlakatda iqtisodiyot, savdo sotiq sohalarida keskin rivojlanish kuzatildi. Ishonamizki, islohotlar shu zayl davom etsa, JSTga qo‘shilish tez fursatlarda amalga oshadi. Tashkilotga a’zolik O‘zbekistonga  katta imkoniyatlar beradi. Bu o‘zgarishlar viloyatlar iqtisodiy jihatdan kuchayishiga yordam beradi. Eksportning hajmi va geografiyasi kengayadi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi dunyo miqyosida mamlakat mavqeyini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Konferensiya doirasida ekspertlar davlat rahbari tomonidan 2024 yil 3 iyun kuni imzolangan muhim farmonning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Mazkur hujjat mamlakatda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning davomi sifatida JSTga a’zo bo‘lish jarayonini tezlashtirishiga yordam berishi ta’kidlandi.

Anjuman O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish, shuningdek, JST xalqaro standartlariga amal qilish bo‘yicha qat’iy intilishini ko‘rsatadi.

Go‘zal Sattorova, NosirjonHaydarov (surat) O‘zA


×