The site is running testing mode

Yagona aloqa raqami (+998) 71 2000036; Ishonch telefoni (+998) 71 2335623

Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba

2024 yil 21 may kuni Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” nomli o‘quv kursi doirasida Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M. Turg‘unov “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyatinomli ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 5-moddasida normalangan qoida ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi: “Hech kim qiynoqqa yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni xo‘rlovchi muomala va jazoga duchor etilmasligi kerak”. Shuningdek, BMTning “Qiynoqlarga hamda muomala va azolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlarga qarshi konvensiya”si (ratifikatsiya: 1995 yil 31 avgust / Kuchga kirishi: 1995 yil 28 dekabr) xususida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2021 yil 22 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishida kengash a’zosi sifatida birinchi marotaba ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Ushbu chiqishda qayd etilganidek, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir. Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakultativ protokolini ratifikatsiya qilamiz.

Shu ma’noda “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash”ga qaratilgan Jinoyat kodeksining 235-moddasi bo‘yicha jabrlanuvchilar doirasi kengaytirildi.

Mazkur jinoyat aybdorning bu qilmishlar natijasida biron-bir natijaga erishgan yoki erishmaganligidan qat’i nazar, qiynoqqa solish bilan bog‘liq harakatlarni sodir etgan paytdan e’tiboran tugallangan hisoblanishi ta’kidlandi.

O‘quv kursi davomida kelib tushgan savollarga javoblar berildi.

 

 


×